Bosh prokuratura hamda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Uzcosmos) o‘rtasida O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat sohada huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda nazorat tadbirlari, tergovga qadar tekshiruv va surishtiruv jarayonlariga aerokosmik texnologiyalarni joriy etishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, Davlat kosmik monitoringi tizimi orqali shaffof va yuqori aniqlikdagi ma’lumotlardan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Tomonlar tizimli ravishda axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yib, ekologik xavflar va muammolar darajasini aniqlash, huquqbuzarliklarni fosh etish hamda ularning oldini olishda birgalikda ishlaydilar. Yo‘nalishlar qatorida quyidagilar bor:
- yashil hududlarning qisqarishi va daraxtlarning kesilishi holatlari monitoring qilish;
- o‘rmon fondi yerlarida yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy bino va inshootlar qurilish holatlarini aniqlash;
- noqonuniy qazish ishlari, shu jumladan daryo o‘zanlari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallari qazib olinishini monitoring qilish;
- daryo o‘zanlarini to‘planib qolgan noruda materiallardan tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari amalga oshirilayotgan uchastkalarda loyihadan chetga chiqish, noqonuniy qazib olish holatlarini monitoring qilish;
- noruda foydali qazilma konlarida haqiqatda qazib olingan hajmni aniqlash maqsadida aerokosmik marksheyderlik ishlarini amalga oshirish;
- mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish holatlari, noqonuniy chiqindi poligonlarini monitoring qilish;
- boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan (o‘rimdan so‘ng) yer maydonlarida somonpoyalari va ularning qoldiqlarini yoqish (dalalar yoqilishi) holatlarini monitoring qilish.
2024-yilning oktabrida Shavkat Mirziyoyev 2026-yilgacha davlat kosmik monitoringi sohasidagi ishlar rejasini tasdiqladi. Hujjat noqonuniy chiqindixonalarni aniqlash, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, ruxsatsiz binolar va inshootlar qurish, o‘rmonzorlar va suv omborlarining holatini nazorat qilishni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekkosmos o‘tgan yilda O‘zbekistonda 2 mingga yaqin noqonuniy chiqindixonalarni aniqladi. Eng ko‘p qoidabuzarliklar Toshkent va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda aniqlangan.
Avvalroq O‘zbekkosmos SpaceX bilan sun’iy yo‘ldosh uchirish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi.