Sloveniyada xorijlik ishchilar, shu jumladan O‘zbekistondan kelgan ishchilar uchun yaxshi imkoniyatlar mavjud. Bu haqda Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev ma’lum qildi.
2025-yil holatiga ko‘ra, Sloveniya rekord darajadagi past ishsizlik (taxminan 3,2−3,5%) va yuqori bandlik darajasiga ega.
Qayd etilishicha, bu holat mahalliy mehnat bozorida bo‘shliqlarni keltirib chiqaryapti.
Mamlakatda qurilish, sog‘liqni saqlash, mehmonxona va restoranlar, ishlab chiqarish, ta’lim va axborot texnologiyalari yo‘nalishida ishchi kuchi yetishmovchiligi bor.
Kasb va til talablariga javob beradigan 1500dan ortiq o‘zbekistonliklar Sloveniyada ish topishlari mumkinligi qayd etildi. Mamlakatda eng kam ish haqi 1100 yevroni tashkil etadi.
O‘tgan hafta Musayev Sloveniya Bandlik xizmati rahbari Greta Metka Barbo Shkerbinch bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Ularning mavzusi mehnat migratsiyasini tashkil etish va Sloveniya mehnat bozori uchun malakali mutaxassislar zaxirasini yaratish edi.
Tomonlar mehnat migratsiyasi sohasida yo‘l xaritasini imzoladilar. Hujjat O‘zbekistonda Sloveniya standartlari bo‘yicha kasbiy ta’lim dasturlarini ishga tushirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, Lyublyan shahrida Sloveniya — O‘zbekiston qo‘shma mehnat forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida qurilish, mehmondo‘stlik, turizm, tibbiyot, logistika sohalarida mahalliy ish beruvchilar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yildi.
22-may kuni Shavkat Mirziyoyevning Sloveniyaga rasmiy tashrifi doirasida mamlakat prezidenti Natasha Pirs Musar bilan muzokaralarda tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuv masalasini muhokama qildi.
Tomonlar moslashish, til, kasbiy ko‘nikmalar va mehnat standartlarini o‘rgatish dasturlarini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun Koper porti salohiyati o‘rganiladi. Tomonlar diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga kelishdilar.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Polsha migratsiya sohasida bitim loyihasini ishlab chiqishi haqida yozgandi.
Polsha mamlakatdagi ishchi kuchiga bo‘lgan talabni o‘zbekistonliklarni tashkiliy tartibda yuqori maoshli ishlarga jalb qilish orqali to‘ldirishi mumkin.