S&P Global Ratings xalqaro agentligi O‘zbekistonning uzoq va qisqa muddatli suveren kredit reytinglarini xorijiy valyutada “BB-” va milliy valyutada “B” darajasida tasdiqladi. Biroq, kredit reytingi prognozi birinchi marta “barqaror” darajadan “ijobiy” darajaga yaxshilandi.
Qisqacha sharhda S&P ta’kidlashicha, oltinning yuqori narxlari O‘zbekiston eksporti va budjet tushumlarini qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, yuqori valyuta zaxiralarini saqlab qolishga yordam beradi.
O‘z navbatida, yalpi ichki mahsulotning nisbatan yuqori o‘sishi jahon savdosidagi qiyinchiliklar va dunyodagi noaniqliklarga qaramay, iqtisodiy islohotlar, barqaror ichki talab, investitsiyalar va mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hisobiga ta’minlanadi.
Iqtisodiy o‘sish va budjet konsolidatsiyasi bo‘yicha sa’y-harakatlar hukumatga budjet taqchilligi va davlat qarzining ko‘payishini jilovlashga yordam beradi.
Agentlik hukumat budjet konsolidatsiyasi bilan bir qatorda iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalarida islohotlarni davom ettirishini kutmoqda. Ijobiy ssenariyni asoslashda eksport va soliq tushumlarini qo‘llab-quvvatlaydigan oltin narxining oshishi kutilmoqda.
Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva o‘z Telegram-kanalida suveren kredit reytingi prognozining yaxshilanishi “jahon moliya hamjamiyatining O‘zbekistondagi islohotlarga ishonchi ortib borayotganidan dalolat berishi” va “tanlangan yo‘lning to‘g‘riligini ko‘rsatishi"ni qayd etdi.
“Davlat rahbarining sa’y-harakatlari tufayli mamlakatimiz xorijiy investorlar uchun yanada jozibador bo‘ldi, bu esa iqtisodiy o‘sishga xizmat qilmoqda va fuqarolarning hayot sifati yaxshilanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deb yozdi u.
O‘zbekistonda islohotlarga sodiqlik saqlanib qolsa, S&P kredit reytingini oshirishi mumkin. Misol tariqasida agentlik energiya tariflarini liberallashtirish va davlat korxonalari ustidan nazoratni yaxshilashni ta’kidlaydi. Reytingni yaxshilashning yana bir omili — iqtisodiy ko‘rsatkichlarni sezilarli darajada yomonlashtirmasdan budjet taqchilligi va joriy operatsiyalar hisobini kamaytirish.
Bundan tashqari, agar tashqi va budjet taqchilligi noqulayroq savdo sharoitlari, barqaror yuqori davlat xarajatlari yoki davlat qarzini jalb qilishning yuqori narxi natijasida biroz pasaysa, prognoz “barqaror"ga yomonlashishi mumkin. Qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarining past samarasi tufayli iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi ham salbiy omil hisoblanadi.
Avvalroq XVJ 2025−2026-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishining 6% dan pastga sekinlashishini kutayotgani haqida xabar berilgandi.