Abu-Dabi dunyoda birinchi bo‘lib noldan quriladigan va sun’iy intellekt texnologiyalari bilan to‘liq integratsiyalashgan shahar ishga tushirilishini e’lon qildi.
Aion Sentia deb nomlangan shahar amirlikning raqamli transformatsiya strategiyasining asosiy elementi bo‘ladi, uning qurilishi $3,3 mlrdga tushadi. Uni 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Abu-Dabi hukumati Raqamli rivojlanish departamenti raisi Ahmad Hishom Al Kuttabning ma’lum qilishicha, tashabbus sun’iy intellekt texnologiyalarini davlat boshqaruvi tizimiga to‘liq integratsiya qilishni nazarda tutadi.
Yangi shahar o‘z ichiga avtonom transportni, taxminiy tibbiyotni, energiya tejamkor infratuzilmani va sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv tizimlarini qamrab oladi.
Loyiha tashabbuskorlarining ta’kidlashicha, shahar muhitining har bir tarkibiy qismi barqarorlik, samaradorlik va innovatsion yondashuv nuqtai nazaridan maqbullashtiriladi.
Rasmiylarning prognozlariga ko‘ra, 2027-yilga kelib loyihaning Abu-Dabi yalpi ichki mahsulotiga qo‘shadigan hissasi $6,5 mlrddan oshib ketadi. Bundan tashqari, loyihani amalga oshirish natijasida kiberxavfsizlik, robototexnika, ma’lumotlarni boshqarish va sun’iy intellekt etikasi kabi sohalarda 5 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Aion Sentia uchun yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish Muhammad bin Zoid nomidagi Sun’iy Intellekt Universiteti, Ilg‘or Texnologiyalar Kengashi hamda G42 kompaniyasi kabi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
Avvalroq Spot Abu-Dabida to‘liq haydovchisiz robotaksilar sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabar bergandi.
Qayd etilishicha, mazkur turdagi avtomobillar ilk bor haydovchi-instruktor ishtirokisiz to‘liq avtonom tarzda harakatlanadi.