Misr Qoraqalpog‘istonga $660 mln miqdorida investitsiya kiritadi, deya xabar bermoqda Dunyo axborot agentligi.

Bu bo‘yicha Jo‘qarg‘i Kenes raisi Amanbay Orinbayev boshchiligidagi Qoraqalpog‘iston delegatsiyasining BAA amalga oshirgan tashrifi doirasida kelishuvga erishildi.

Tashrif doirasida Bell Energy kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Haysam Husayn bilan uchrashuv o‘tkazildi va kompaniya hamda uning hamkorlari bilan beshta memorandum imzolandi.

Muloqot yakunida Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va Bell Energy kompaniyasi hamda uning biznes hamkorlari o‘rtasida jami $660 mln qiymatidagi 5 ta o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Ushbu hujjatlar bir qator loyihalarni amalga oshirishni, xususan, neft mahsulotlari uchun yer osti omborlarini qurish, Qayroqtosh oltin konini o‘zlashtirish, chiqindilardan energiya ishlab chiqarish, bioetanol va aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish uchun bambuk plantatsiyalarini barpo etishni nazarda tutadi.

Shuningdek, bolalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Imzolangan hujjatlarni ro‘yobga chiqarish uchun tomonlar har bir loyiha bo‘yicha texnik jihatlar va moliyaviy masalalarni ishlab chiqish hamda kelishib olishga qaror qildilar.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va Vengriya vagonsozlik sohasida birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish haqida yozgandi.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev vengriyalik investorlar O‘zbekistonda logistika markazlarini qurish hamda aviatsiya sohasida yuk tashuvlarini amalga oshirishda hamkorlikka qiziqishayotganini ma’lum qildi.