O‘zbekistonning o‘ttizga yaqin tumanlarida ishlab chiqarish hajmi 4,5 trln so‘mga kamaydi. Bu haqda 26-may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi ma’lum qilindi.
Davlat rahbari bugungi tahlikali va noaniqliklarga to‘la sharoitda har bir mamlakat, avvalo, eng ko‘p ish o‘rinlari yaratadigan sohalarni himoyalash choralarini ko‘rayotganini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan tashqi bozordagi tebranishlar sharoitida 1 mlnga yaqin aholi ishlayotgan to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlikni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotimizning yana bir “drayveri” bo‘lishi kutilayotgan zargarlik sanoatiga yangi “sur'at bag‘ishlash” muhimligi qayd etildi.
O‘tgan 4 oyda sanoat 6,3% ga o‘sib, 290 trln so‘mga yetdi. “Bu — hozirgi murakkab sharoitda o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasi. Lekin 29 ta tumanda ishlab chiqarish 4,5 trln so‘mga kamaygan. Bu kichkina raqamlar emas”, — dedi prezident.
Sanoat, eksport va tushum bo‘yicha “respublika — tarmoq — viloyat — tuman” vertikal tizimidagi masalalar o‘z vaqtida va to‘liq hal qilinganida sanoatda yana 2% lik o‘sishga erishish mumkinligi qayd etildi. Masalan, o‘tgan 4 oyda Payariqda sanoat qariyb 2 baravarga, Paxtachida 38% ga pasaygani oqibatida ishlab chiqarish 210 mlrd so‘mga kamaydi.
Poytaxt sanoatining uchdan birini beradigan Sergeli va Yashnobodda 300 mlrd so‘mlik mahsulot kam ishlab chiqarilgani bois Toshkent shahri sanoatida 1,1% o‘sish boy berildi.
O‘rtachirchiq, Qibray, Parkent, Ohangaron tumanlari, Angren, Bekobod shaharlaridagi 25 ta hududiy korxona o‘tgan yilgidan 1 trln so‘mga kam mahsulot chiqargani bois, $30 mln eksport yo‘qotildi. Yanvar-mart oylarida sanoatda o‘sish qilgan Qarshi, Mirishkor, Bulung‘ur, Dang‘ara, O‘zbekiston, Xiva tumanlari aprelga kelib ko‘rsatkichlarini keskin tushirib yuborgan.
Shundan kelib chiqib, uch kunda vertikal tizimdagi har bir masalani tezkor hal qilish uchun mamlakatdan aniq mas’ullarni belgilash va joylarga yuborish topshirildi. Vertikal bo‘yicha qaysi bo‘g‘inda muammo yechilmasa, o‘sha tizim mas’ullaridan so‘rov qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirildi.
Prezident mahsulot sifatini ko‘rsatib, uni qimmat bozorlarga olib chiquvchi asosiy kalit xalqaro sertifikatlar ekanligini ta’kidladi. To‘qimachilik sohasidagi 1,5 mingdan ziyod yirik va o‘rta korxonadan faqat 244 tasida xalqaro sertifikat bor.
Savdo-sanoat palatasi har bir korxonaga borib, sertifikat olishga ko‘maklashsa, qo‘shilgan qiymatni ham, eksportni ham oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Navoiy Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazmda xalqaro sertifikatga ega korxonalarni 20 taga yetkazish, qolgan hududlarda yana 10 tadan korxonaga sertifikat olishga ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.