Tramp Yevropa Ittifoqi mahsulotlariga 50%lik bojxona to‘lovlarini joriy etishni 2025-yil 9-iyulgacha kechiktirdi.
AQSh prezidenti bu qarorni Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bilan suhbatlashgandan so‘ng qabul qildi.
“Menga Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen qo‘ng‘iroq qilib, 50%lik tarif bo‘yicha 1-iyunga belgilangan muddatni uzaytirishni so‘radi. […] Men 2025-yil 9-iyulgacha uzaytirishga rozi bo‘ldim”, — deb yozdi Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Fon der Lyayen Yevropa tarif siyosati masalalari bo‘yicha muzokaralarda tez va qat’iyat bilan oldinga siljishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
https://twitter.com/vonderleyen/status/1926729529436913794
2025-yil aprel oyi boshida Tramp AQShga 185 mamlakat va hududlardan import qilinadigan tovarlarga bojlarni oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun tariflar 20%gacha ko‘tarilishi kerak edi.
Bunga javoban, Yevropa Ittifoqi rahbariyati AQShdan keltirilayotgan bir qator mahsulotlarga qarshi bojlar joriy etilganini ma’lum qildi. Birinchi to‘plam 15-apreldan, keyingilari esa 16-may va 1-dekabrdan kuchga kirishi belgilangan edi.
9-aprel kuni AQSh rahbari bir qator davlat va hududlarga nisbatan o‘zaro munosabat tamoyili asosida joriy etilgan qo‘shimcha import bojlarining amal qilishini 90 kunga to‘xtatib turganini ma’lum qildi. Oq uy vakillari tushuntirishicha, bu tanaffus savdo muzokaralarini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu davrda 10%lik umumiy tarif amal qiladi.
May oyida Tramp Oq uy va Yevropa Ittifoqi rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar “hech qanday natija bermayotgani"ni ma’lum qildi va 50%lik bojlar joriy etish rejasini e’lon qildi.