Asad Usmonov 2006-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni Termiz shahridagi 8-maktabda olgan. Dasturlashga bo‘lgan qiziqishi uni mustaqil ravishda o‘rganishga undadi — u asosiy bilimlarini YouTube va turli onlayn kurslar orqali egallagan.
Yosh bo‘lishiga qaramasdan 2022-yildan 2023-yil iyungacha Kichik dasturiy ta’minot muhandisi sifatida, 2023-yil avgustdan 2024-yil noyabrgacha Tenx group’da turli lavozimlarda ishlagan. Hozirda Numeo.ai'da yetakchi mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqda.
Spot bilan suhbatda Asad dasturchilikka qanday qiziqib qolgani, yosh bo‘lishiga qaramay yetakchi lavozimgacha yetgani va hozirgi faoliyati haqida so‘zlab berdi.
Dasturlashga dastlabki qadam va birinchi ish
Dasturlashga qiziqishim 14 yoshimda boshlangan. O‘shanda Akmal Kadirovning YouTube’dagi intervyusini ko‘rib, oddiy surxondaryolik bola katta natijalarga erishgani meni bu sohaga qadam qo‘yishga ilhomlantirdi.
Opam matematikaga, akalarim esa ingliz tiliga qiziqqani uchun menga ham shu fanlarni o‘rgatishardi. Bu esa onlayn darslarni tushunishim va algoritmik masalalarni yechishda yengillik yaratdi.
O‘sha kezlarda Surxondaryoda dasturlash kurslari soni sanoqli edi. Borlari esa oyiga 800 ming so‘m atrofida turardi — bu esa oilamiz uchun imkondan tashqarida edi. Yana bir tomoni — atrofimizda dasturchi bo‘lib, hayotini shu soha bilan bog‘lagan insonlar yo‘q edi. Shuning uchun oilamdagilar dasturlashga bo‘lgan qiziqishimni oddiygina vaqtinchalik o‘yin deb qabul qilishdi.
Ammo men taslim bo‘lishni xohlamadim. Internet — eng katta ustozimga aylandi. Otamning eskirib qolgan, ammo haligacha ishlayotgan kompyuteri yonida o‘tirib, bepul resurslar orqali o‘zimcha bilim izlab ketdim.
Bir necha oy ichida HTML, CSS, JavaScript va React asoslarini o‘zlashtirib, junior darajaga yetdim. Biroq kompyuter qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazayotganim uchun uyimdagilar xavotirda edi. Mahalliy sharoitda bu sohaga ishonch past bo‘lgani bois, men esa vaqtimni bekorga sarflayotgandek tuyulganman. Shu bois dasturlashga jiddiy yondashayotganimni isbotlash uchun ish topmoqchi bo‘ldim.
Bu esa oson kechmadi: junior dasturchilarga talab uncha katta emasdi, ustiga ustak, yoshim ham kichik edi.
Biroq bir kun do‘stim dasturlash kursidagi ustozining yangi jamoa yig‘ayotganini aytdi. Shu orqaligina suhbatga chiqdim va qisqagina uchrashuvdan so‘ng jamoaga qabul qilindim. Ish boshida haq olmasligimni bilsam-da, rozi bo‘ldim. Chunki bu — oilamga: “Men bu yo‘lni jiddiy tanladim,” degan ishoram edi.
Shundan keyin uzoq oylar mobaynida dam olishsiz, kuniga 12 soatlab mehnat qildim. Va nihoyat, birinchi marta qo‘limga $100 oldim. Bu oddiy raqam emas edi — bu mashaqqatlarimning ilk mevasi, isboti, g‘alabam edi.
Jamoamiz kam holatlarda Surxondaryodagi mahalliy korxonalar va davlat muassasalari uchun loyihalar bajarardi, ko‘proq startaplar ustida ishlardi. Shu tajriba mustaqil ishlash va noldan loyihalar yaratish bo‘yicha bilimlarimni oshirdi. Keyinchalik Surxondaryodagi xakatonda 1-o‘rinni egallashim hamda Fiverr'da frilanser sifatida ish boshlashimga asos yaratdi.
Foto: Asad Usmonovning shaxsiy arxividan
Numeo AI’da yetakchi muhandis
Sun’iy intellektga qiziqishim 2024-yil boshida bu sohaning jadal rivojlanishi bilan boshlandi. O‘sha paytda ishlagan kompaniyam suniy idrok (SI) yo‘nalishiga yetarli e’tibor bermagani bois, o‘z salohiyatimni to‘liq namoyon qila olmadim. Shu sababli startap muhitida tajriba orttirish va chuqurroq rivojlanish istagi bilan yangi imkoniyatlar izlay boshladim.
Numeo AI’dagi vakansiyani Akmal Paizievning Telegram-kanalidan ko‘rib qoldim. Qiziqishimni bildirib, hello@numeo.ai manziliga tajribam va loyihalarim haqida yozdim. Ertasi kuni javob keldi — texnologik ko‘nikmalarimga oid bir nechta savollar berildi. O‘sha kunning o‘zida Numeo CTO’si Behzod Kodirov bilan ilk suhbatga taklif qilindim.
Suhbat tanishuv xarakterida bo‘lib, unda o‘zim haqimda qisqacha ma’lumot berishim, shuningdek, qaysi holatlarda SQL, qaysilarda esa NoSQL bazalaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘lishi haqida fikr bildirishim so‘raldi.
Muloqot asosan ingliz tilida, ba’zida esa o‘zbek tilida olib borildi. Bu bosqichda murakkab texnik savollar yoki testlar bo‘lmadi. Oradan to‘rt kun o‘tib, suhbat natijalari ijobiy baholangani va qo‘shimcha bosqichlarsiz menga ish taklifi taqdim etilishi haqida xabar keldi.
18-noyabr kuni Numeo’dagi birinchi ish kunimni kompaniyadagi ilk dasturchi sifatida boshladim. Dastlabki oylar asosiy infratuzilmani barpo etishga, jarayonlarni yo‘lga qo‘yishga va texnik yo‘nalishni aniqlashga bag‘ishlandi. Oradan biroz vaqt o‘tib, jamoaga yangi dasturchilar qo‘shildi va men yetakchi muhandis lavozimiga tayinlandim. Bu lavozim nafaqat unvon, balki jiddiy mas’uliyat hamdir.
Numeo AI’dagi yetakchilik esa quyidagi besh tamoyilga tayanadi:
- Customer Obsession — mijoz ehtiyojini birinchi o‘ringa qo‘yish.
- Ownership — mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish, muammolarni boshqalarga yuklamaslik.
- Bias for Action — tezkor natijaga erishish va aniq harakat qilish.
- Think Big — yirik maqsadlarga intilish, kichik cheklovlar bilan chegaralanib qolmaslik.
- Invent and Simplify — innovatsiyalar yaratish va jarayonlarni soddalashtirish.
Numeo’da yetakchi muhandis bo‘lish uchun faqat tamoyillarni tushunish kifoya emas — ularni har kuni amaliyotda qo‘llash talab etiladi. Aynan shu yondashuv orqali men bu lavozimga loyiq topildim.
Kompaniya nafaqat yaxshi ish sharoiti va maosh, balki samaradorlik asosida kompaniya aksiyalari hamda keyinchalik relokatsiya imkoniyatlarini ham taklif qiladi. Bu yondashuv hatto kompaniyaning e’lonlarida ham aks etgan. Biroq shaxsiy rejamda ayni paytda bosh ofis — AQShga ko‘chish haqida qat’iy qaror yo‘q. Ishonchim komilki, agar siz o‘rganishdan to‘xtamasangiz va o‘zingizni doimiy sinovdan o‘tkazsangiz, qayerda ishlayotganingizdan qat’i nazar, bu sohada katta yutuqlarga erishishingiz mumkin.
Voice AI’dagi vazifalar
Voice AI biz uchun asosiy mahsulot emas, balki murakkab Agentic workflow yaratishning kalit texnologiyasidir. Maqsadimiz — foydalanuvchi ovozli buyruq berganda SI nafaqat javob berishi, balki bir nechta bog‘liq harakatlarni avtomatik amalga oshirishi.
Masalan, yuk tashish operatori “Yaqin atrofda bo‘sh yuk mashinasi topib, unga Chicago’dan Houston’ga boradigan yukni biriktir” deb buyruq bersa, SI agent quyidagi bosqichlarni bajarishi kerak:
- tizim yuk tashuvchilar bazasini tekshiradi va eng yaqin bo‘sh yuk mashinasini aniqlaydi;
- transport vositasining yuk ko‘tarish sig‘imini yuk talablariga mosligini tekshiradi;
- yuk egasi bilan bog‘lanib, tasdiq oladi;
- yuk mashinasi haydovchisiga buyurtma tafsilotlarini avtomatik jo‘natadi;
- optimal yo‘nalishni hisoblab, real vaqt rejimida tirbandlik va ob-havo sharoitini inobatga oladi;
- yetkazib berish jarayonini monitoring qilib, foydalanuvchiga bildirishnomalar yuboradi.
Mening asosiy vazifalarim quyidagilardan iborat:
- Voice AI asosida yuqoridagi kabi murakkab agentik workflow’larni yaratish;
- ovozli interfeyslarni tabiiy va intuitiv qilish uchun AI modellarni doimiy tahlil qilib borish.
Bizning maqsadimiz — Voice AI yordamida foydalanuvchilarga faqat ovoz orqali buyruq berish imkoniyatini emas, balki butun logistika jarayonlarini avtomatlashtirish orqali ularni tezroq va samaraliroq qilishdir.
Foto: shaxsiy arxiv
Voice AI’ni ishlab chiqish: texnologiya va dasturlash tillari
Biz Voice AI-ni ishlab chiqishda moslashuvchan yondashuvni qo‘llaymiz, chunki bu sohada yangi texnologiyalar tez rivojlanmoqda. Shu bois, bitta texnologiyaga bog‘lanib qolmasdan, doimo eng zamonaviy va samarali yechimlarni sinab boramiz.
Dasturlash tillari orasida Python — bizning asosiy tanlovimiz. Bu til sun’iy idrok ekotizimida eng keng tarqalgan bo‘lib, deyarli barcha yangi AI framework va vositalar eng avvalo aynan Python uchun ishlab chiqiladi.
Texnologiyalarni tanlashda uchta asosiy mezonga e’tibor qaratamiz:
- Narx (cost) — texnologiyaning iqtisodiy jihatdan maqbulligi.
- Aniqlik (accuracy) — modelning samaradorligi va natijalarining aniq chiqishi.
- Ishlab chiqish murakkabligi (development difficulty) — texnologiyaning qo‘llashdagi murakkablik darajasi.
Asosiy muammolar
Ovozli SI yaratishdagi eng katta muammo — uni inson nutqiga maksimal darajada yaqinlashtirish. Maqsadimiz — foydalanuvchi Voice AI bilan gaplashganda, SI emas, balki haqiqiy inson bilan muloqot qilayotgandek his qilishi.
Bu sohadagi muammolar quyidagilardan iborat:
- Tabiiy ovozga erishish — odatda AI ovozlari uzun suhbat davomida o‘ta sun’iy yoki robotga o‘xshab qoladi, ayniqsa intonatsiya va hissiyot yetishmaydi.
- Telefoniya orqali SI bilan ishlashning o‘ziga xos qiyinchiliklari mavjud. Eng asosiy muammo — ovozning tabiiyligini saqlash. Telefoniya tarmoqlarida ovozning kechikib yetib borishi (latency) SI javoblarining vaqtida berilmasligiga olib keladi, bu esa tabiiy suhbat oqimini buzadi. Shuningdek, tarmoq cheklovlari tufayli ovoz sifati pasayishi mumkin — bu esa SI ovozining inson ovoziga o‘xshash darajada eshitilishini qiyinlashtiradi.
Yaqin vaqtgacha insondek so‘zlasha oladigan SI yaratish imkonsizdek tuyulardi. Biroq yaqinda Sesame kompaniyasi inson ovozidan deyarli ajralmaydigan yangi Voice AI modelini taqdim etdi. Bu yutuq SI va inson o‘rtasidagi farqni sezilmas darajagacha qisqartirish imkonini beradi.
Shunga qaramay, ayniqsa telefoniya tarmoqlari orqali tabiiy ovozni yetkazish eng katta muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Biz esa hozir aynan shu murakkab, ammo istiqbolli yo‘nalishda ishlamoqdamiz — maqsadimiz: telefonda suhbatlashayotgan har bir foydalanuvchi SI bilan emas, haqiqiy inson bilan muloqot qilayotganini his qiladigan darajaga yetkazish.
Yetakchi muhandis mas’uliyati. Yetakchi muhandis bo‘lish — bu faqat unvon emas, balki katta mas’uliyatdir. Men bu mas’uliyatni kamida kuniga 14 soatlik mehnat, uzluksiz o‘rganish va ko‘pincha dam olish kunlarisiz ishlash orqali bajaryapman.
Bu yo‘lda menga eng katta yordam bergan sifat — sabr. Sabr har qanday kasbda muhim, biroq ayniqsa dasturlashda u hal qiluvchi omildir, deb hisoblayman. Chunki bu sohada muammolarni soatlab, hatto kunlab sinchiklab o‘rganishga, qayta-qayta urinib ko‘rishga va natija chiqmaganda ham davom etishga to‘g‘ri keladi. Bu jarayonda sabr — eng katta kuchdir.
Hayotim davomida menga ilhom bergan, yo‘l ko‘rsatgan va ko‘proq o‘rganishga undagan bir nechta ustozlarim bo‘lgan. Bugungi kunda esa menga eng katta ta’sir o‘tkazgan inson — Numeo AI kompaniyasining texnik direktori (CTO) Behzod Kodirov.
Yosh dasturchilarga tavsiyalar
Hali bu savolga to‘liq javob bera oladigan darajaga yetganim yo‘q, lekin hozirgacha to‘plagan kichik tajribam asosida bitta aniq tavsiya bera olaman: iloji boricha ko‘p kod yozing. Chunki har bir yozilgan kod — bu yangi tajriba, har bir xatolik — bu o‘sish imkoniyati.
Foydali manbalar:
- CS50 — Harvard University — dasturlashga endi kirib kelayotganlar uchun;
- Modern Operating Systems — dasturlash qanday ishlashini chuqur o’rganish uchun;
- Evaluating AI Agents — AI agentlar yaratish uchun;
Rejalar. Kelajakda sun’iy idrok barcha sohalarga kirib borishi aniq, va bu sohadagi yetuk mutaxassislarga talab yildan-yilga ortadi, ayniqsa O‘zbekistonda. Shu sababli AI, Machine Learning, Natural Language Processing va Computer Vision kabi sohalarda chuqur bilimga ega bo‘lib, yetakchi mutaxassisga aylanishni maqsad qilganman.