So‘nggi hafta ichida O‘zbekiston poytaxtining ulgurji bozorlarida gilosning dastlabki yirik partiyalari paydo bo‘ldi.
EastFruit mutaxassislari ta’kidlashicha, joriy mavsumning o‘ziga xos xususiyati shundaki, tashqi bozorlarda o‘zbek gilosiga bo‘lgan misli ko‘rilmagan yuqori talab tufayli ushbu mahsulot narxi rekord darajada yuqori.
Joriy mavsumda ushbu mahsulotning dastlabki ulgurji partiyalari so‘nggi besh yilga nisbatan kamida bir hafta oldin paydo bo‘ldi.
Bunda, yangi gilosning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yillarning shu davriga nisbatan kamida 70%ga yuqori hisoblanadi.
EastFruit narxlar monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 23-may holatiga, O‘zbekistonda yangi gilosning o‘rtacha ulgurji narxi kilogrammi uchun 17 ming so‘mni ($1,32) tashkil etdi.
Taqqoslash uchun 2023 va 2021-yillarda birinchi ulgurji partiyalar faqat may oyining oxirida paydo bo‘lib, o‘rtacha narxi mos ravishda 8000 so‘m/kg ($0,70) va 10 ming so‘m/kg ($0,95) edi.
Bozor ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, joriy mavsumda gilos hosili hajmi avvalgi bir necha yildagi kabi darajada bo‘lishi kutilmoqda.
Biroq, mamlakat ichki bozorida talab barqaror bo‘lsa-da, ushbu mahsulotning rekord darajadagi yuqori narxlari tashqi bozorlarda o‘zbek gilosiga bo‘lgan kuchli talab bilan izohlanadi.
O‘zbekiston gilosiga bo‘lgan bunday yuqori qiziqish 2025-yil aprel-may oylarida Sharqiy va Markaziy Yevropa mamlakatlarida yuz bergan sovuq urishlar danakli mevalar hosiliga katta zarar yetkazgani bilan bog‘liq.
Avvalroq Spot Tojikistonda issiqxona pomidorlari narxi keskin qimmatlashgani haqida yozgandi.
Narxlarning oshishi mamlakatda issiqxona pomidorlari yetishtirishning kamayishi va import hajmi qisqarishi bizlan izohlanmoqda.