Toshkent viloyati hokimligi tomonidan mikroGESlar qurish uchun 40 ta yer uchastkasi ajratildi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Hokim qarori bilan Energetika vazirligi ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga berilgan uchastkalar 10 ta tuman va 4 ta shaharning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan hududlariga tegishli. Ularning umumiy maydoni 6,59 gektarni tashkil etadi.

Ushbu ajratib berilgan nuqtalarda mikro gidroelektr stansiyalarni qurish uchun tashabbuskorlarni aniqlash maqsadida yer maydonlari auksion savdoga chiqariladi.

Mikro gidroelektr stansiyalar Piskent, Ohangaron, Bekobod, Yuqori Chirchiq, Bo‘stonliq, Qibray, Chinoz, Bo‘ka, Yangiyo‘l, Zangiota tumanlari va Angren, Olmaliq, Bekobod, Chirchiq shaharlarida quriladi.

Qayd etilishicha, bundan avval viloyatda 43 ta mikroGES qurilishi uchun yer maydonlari ajratish to‘g‘risida viloyat hokimining tegishli qarori imzolangan.

264 ta nuqtada mazkur inshootlarni qurish uchun aniq hududlar belgilab olingan. Shu kungacha 102 ta hududda kichik GESlar qurilishi uchun yer maydonlari ajratilgan, hozirda qurilish ishlari boshlangan.

Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yilgacha qariyb 3000 ta yangi mikro GESlar qurish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Energetika vazirligi mikro GESlar qurish va ishga tushirish taklifini bildirganlarga 20 yil muddatga yer uchastkalarini ijaraga beradi.