23-may kuni prezident tomonidan qabul qilingan qaror bilan O‘zbekistonda milliy qayta sug‘urta tashkilotini tashkil etish belgilandi.
Hujjat bilan qayta sug‘urta tizimini 2025-yilda takomillashtirish uchun bozor hajmini 4 trln so‘mga yetkazish, xizmatlar eksportini kamida 30% ga, qayta sug‘urta sohasiga jalb qilinadigan investitsiyalar hajmini esa 150 mlrd so‘mgacha oshirish belgilanmoqda.
Mamlakatda aksiyadorlik jamiyati shaklida O‘zbekiston qayta sug‘urta kompaniyasi tashkil qilinib, kompaniya qonunchilik hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda qayta sug‘urta faoliyatini amalga oshiradi.
Kompaniya xorijiy va mahalliy investorlarning mamlakat iqtisodiyotiga kiritadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va portfel investitsiyalarining hamda investitsiya loyihalari bo‘yicha tavakkalchiliklarning kompleks qayta sug‘urta himoyasini ta’minlaydi.
Shuningdek, uning faoliyat yo‘nalishiga xorijiy mamlakatlarning sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlik qilish va qayta sug‘urta operatsiyalarini amalga oshirish kiradi.
Kompaniyaning ustav kapitali 300 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantiriladi, uning 50%ini davlat ulushi, qolgan qismini esa xususiy investorlar ulushi tashkil etadi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kompaniyadagi davlat ulushi bo‘yicha aksiyador funksiyasini amalga oshiradi. Agentlik o‘z mablag‘lari hisobidan kompaniya ustav kapitalidagi davlat ulushining 5%ini bir oy ichida, qolgan qismini choraklik teng ulushlarda bir yil davomida kiritishi kerak.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi kompaniyaning sug‘urta majburiyatlari bo‘yicha hukumat nomidan ustav kapitalining shakllantirilmagan qismiga kafil hisoblanadi.
ILMA vazirlik bilan birgalikda ikki oy ichida kompaniya faoliyatini tashkil etish masalalariga oid hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.
Avvalroq O‘zbekistonda ipoteka garovi bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlarni chiqarish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.