Qimmatli qog‘ozlar bozorida hiyla-nayrangning oldini olish qoidalari tasdiqlandi. Bu bo‘yicha 27-may kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining buyrug‘i Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjat bilan bitimlar tuzishda ishtirokchilar va uning xodimlariga qo‘yiladigan talablar hamda qimmatli qog‘ozlar bozorida taqiqlangan harakatlar belgilanmoqda. Shu bilan birga, bitimda qimmatli qog‘ozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatilishining oldini olishga doir majburiyatlar hamda bozor ishtirokchilarining faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha talablar nazarda tutilgan.
Qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilariga yolg‘on vaziyatlar yaratish taqiqlanadi. Mulkdorning o‘zgarishiga olib kelmaydigan bitimni amalga oshirish, boshqa ishtirokchilarni chalg‘itadigan har qanday ma’lumotlarni berish va tarqatish mumkin emas.
Bundan tashqari, qimmatli qog‘ozlar narxlarini sun’iy ravishda oshirishga yoki pasaytirishga, soxta yoki chalg‘ituvchi faol savdo taassurotini uyg‘otishga qaratilgan harakatlarni sodir etish man etiladi.
Qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari hiyla-nayrang alomatlari mavjud bo‘lgan taqdirda, bu haqda bozorni tartibga soluvchi vakolatli organni bitim ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab uch kun ichida xabardor qilishi shart.
Bitimda, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozorida huquqlari buzilgan ishtirokchilarni himoya qilish, g‘araz niyatida harakatlarni (harakatsizliklarni) amalga oshirgan ishtirokchilarni javobgarlikka tortish mexanizmi va bu yo‘nalishda ILMAning vakolatlari ko‘rsatib o‘tilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda seriyali obligatsiyalarni chiqarish mexanizmi joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Bunda bitta dastur doirasida bir nechta obligatsiyalarni chiqarish mumkin bo‘ladi.