O‘zbekiston fuqarolari uchun Janubiy Koreyaning Ulsan shahrida E-7 vizasi asosida ishlash imkoniyati ochildi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

26-may agentlik rahbari o‘rinbosari Matlab Kuranov boshchiligidagi ishchi guruh Ulsan shahar hokimi Kim Du Gyom bilan uchrashdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida sanoat sohasidagi tajriba almashinuvi, mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik hamda keyingi loyihalar muhokama qilindi.

Ulsan shahar hokimi joriy yilning mart oyida Farg‘ona shahrida ochilgan Ulsan kasb-hunarga o‘qitish markazining 105 nafar bitiruvchisi Hyundai kompaniyasiga ishga jalb qilinishini, qisqa muddatda ularning bandligi ta’minlanishini aytib o‘tdi.

“Endilikda o‘zbekistonliklarga Ulsan shahar hokimiyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri E-7 vizasini berishi mumkin. Koreya hukumati tomonidan bizga berilgan vakolat doirasida fuqarolaringizni mamlakatimizning eng sanoatlashgan provinsiyasida malakali mutaxassis sifatida kutib qolamiz”, — dedi Kim Du Gyom.

Ulsan shahar hokimi, shuningdek, ishlash uchun borayotgan fuqarolar yagona talab — mamlakat qonunchiligiga rioya qilishlari kerakligi, natijada oilaviy kelib E-7 vizasi bilan ishlashlari mumkinligini qo‘shimcha qildi.

2024-yilning avgust oyida O‘zbekiston va Koreya fuqarolarni E-8 (mavsumiy) va E-7 (professional) vizalari asosida ishga jo‘natish masalalarini muhokama qildi. 5 ming nafar fuqaroni Ulsanga ishga jalb qilishga va o‘zbekistonliklarning noqonuniy ishlashiga chek qo‘yishga kelishildi.

Noyabr oyida kelishuv doirasida Hyundai kompaniyasiga kamida 350 nafar mutaxassis yetkazib berilishi, loyiha o‘zini oqlasa, Kia va Samsung kabi kompaniyalarga ham minglab ishchilar yuborilishi ma’lum qilindi.

Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan kechgan uchrashuvda Kim Du Gyom Koreya tarixida birinchi marta o‘zbekistonliklarga shahar meriyasi orqali soddalashtirilgan tartibda mehnat vizalarini berish mexanizmi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

Loyihaga jalb qilinganlar uch oylik kasbiy tayyorgarlik va til kurslaridan so‘ng mehnat vizasi berilib, ishga joylashtiriladi. Sinov natijalari asosida, loyiha boshqa shaharlarda ham joriy etilishi mumkin.

Avvalroq Bolgariya o‘zbekistonlik mehnat migrantlari uchun viza jarayonlarini soddalashtirishi haqida xabar berilgandi. Ikki mamlakat o‘rtasida migratsiya sohasida davlatlararo kelishuv ishlab chiqilib, tashkiliy migratsiyani yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shma ishchi guruh tuziladi.