Andijon viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun yangi narxlar belgilanmoqda. Bu haqda O‘zsuvta'minot matbuot xizmati xabar berdi.
14-may kuni qabul qilingan xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori bilan Andijon viloyatida 1-iyundan boshlab foydalanilgan ichimlik suvi hamda ko‘rsatilgan oqova suv xizmati uchun to‘lovlar qiymati oshiriladi.
Bir metr kub ichimlik suvi narxi quyidagicha:
- aholi uchun — 1650 so‘m;
- budjet tashkilotlari uchun — 2640 so‘m;
- yuridik tashkilotlar uchun — 4180 so‘m.
Oqova suvi narxi:
- aholi uchun — 1650 so‘m;
- budjet tashkilotlari uchun — 2640 so‘m;
- yuridik tashkilotlar uchun — 3520 so‘m.
Kompaniya 1-iyunga qadar amalga oshirilgan to‘lovlar uchun iyun va iyul oylarida eski narxlar amal qilishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, mavzuga doir savollar yuzasidan Andijon suv ta’minoti hamda uning shahar, tumanlardagi filiallariga murojaat qilish mumkin.
Joriy yilning 5-iyunidan Xorazm, 1-iyulidan Toshkent viloyatlarida ham ichimlik va oqova suv narxlari oshiriladi.
Avvalroq O‘zsuvta'minot ichimlik suvi narxlari oshishi sabablarini tushuntirgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya ichimlik va oqova suv ta’minotida tariflar islohoti bo‘yicha ssenariylar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.