Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash va uning davomiyligini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva qonun loyihasi tadbirkorlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilganini qayd etdi. Biznes ish vaqtidan tashqari ish vaqtining yillik cheklovini bekor qilish, 40 soatdan ortiq ishlangan vaqt uchun bir yarim baravar miqdorida ish haqi to‘lashni taklif qilgan.
Qonunchilikdagi cheklovlar xodimlarni ishga jalb qilishni cheklab qo‘ymoqda. Natijada, ayrim korxonalar xodimlarni ishdan tashqari vaqtda norasmiy ravishda ishlatib kelayotgani aniqlanmoqda. 2024-yilda 627 ta bu kabi holatlar aniqlangan.
Loyiha bilan Mehnat kodeksining 190-moddasida xodimlar uchun ish vaqtidan tashqari ish davomiyligiga qo‘yilgan yillik 120 soatlik cheklovni bekor qilish belgilanmoqda. Kunlik cheklovlar o‘zgarishsiz qoladi.
Shu bilan birga, kodeksning 262-moddasiga kiritilayotgan o‘zgatirishlar bilan ish vaqtidan tashqari ishning bir kunda birinchi ikki soati uchun kamida 1,5 baravar, ikki soatdan ortiq qismi uchun 2 baravar miqdorida haq to‘lanishi nazarda tutilmoqda. Amaldagi tartibda ikki baravar miqdorida haq to‘lanishi belgilangan.
Loyihani ishlab chiqishda 68 ta mamlakatning ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilish bo‘yicha tajribasi o‘rganilgan. Turdiboyeva bu kabi cheklov MDH davlatlarining ayrimlarida, jumladan Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekistonda saqlanib qolayotganini qayd etdi. Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Niderlandiya hamda Belgiya kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda esa xodimni ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilish uchun yillik cheklov mavjud emas.
Bundan tashqari, bu mamlakatlarda ish vaqtidan tashqari ish uchun ikki barobar miqdorida haq to‘lanmaydi. Masalan, Germaniya, Niderlandiya, Ispaniya hamda Shvetsiya kabi davlatlarda bu 1,25−1,5 baravarni tashkil etadi.
Shuningdek, Bandlik vaziri o‘rinbosari Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalarida ham yillik cheklovlar nazarda tutilmaganini, faqat kunlik yoki haftalik cheklov belgilanishini ta’kidladi. Tashkilot vakillari mazkur cheklov ish beruvchilarni qiynashini qayd etgan.
“Agar ish beruvchi amaldagi tartib asosida xodimini har kuni ikki soatdan ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilsa, 120 soatlik cheklov ikki yarim oyda tugab qoladi. Natijada, kompaniya ham, xodimlar ham bu huquqdan foydalana olmaydi”, — dedi Ra’no Turdiboyeva.
Qonun loyihasi tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan, Iqtisodiyot va moliya vazirligining roziligi olingan. Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Avvalroq Qonunchilik palatasi deputatlari xususiy sektorda xodimlarni ishdan bo‘shatishni soddalashtirish bo‘yicha qonun loyihasini rad etgani haqida xabar berilgandi.