Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya qamrovini kengaytirish borasidagi ishlar bilan tanishdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, ijtimoiy va hududiy dasturlar doirasida ko‘plab inshootlar barpo etilmoqda. Hozirga kelib, aholi mavzelarining 81%i ichimlik suvi, 20%i oqova tizimi bilan ta’minlangan.
Bu yil 1619 kilometr ichimlik suvi, 521 kilometr oqova suv tarmoqlarini tortish, 162 ta inshootni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.
Bularning natijasida 715 ming aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetib boradi, yana 400 ming nafari oqova xizmati bilan qamrab olinadi.
Ta’kidlanishicha, xalqaro moliya institutlari ishtirokida mamlakatda 21 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bu yil $800 mlnlik ishlarni bajarib, 138 ta suv inshootini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Osiyo taraqqiyot banki va Germaniya tarraqiyot banki bilan loyiha oldi moliyalashtirish bo‘yicha yaxshi tajriba yo‘lga qo‘yildi. Bunda pudratchi va loyihachi oldindan tanlangani uchun amaliy ishlar boshlanishi tezlashgan.
Qayd etilishicha, suv ta’minoti tizimini raqamlashtirish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan $125 mln jalb qilingan.
Bu loyiha doirasida besh yilda yirik suv inshootlari va magistral quvurlarga 4800 ta “aqlli” hisoblagich va qariyb 3000 ta telemetriya tizimi o‘rnatiladi.
Sohada xalqaro hamkorlik va xususiy sheriklik rivojlanib borayotganidan kelib chiqib, ushbu talablarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda OTB ishtirokida $3,6 mlrdlik loyihalar amalga oshirilishi haqida yozgandi.
Loyihalar ta’lim, ichimlik suvi ta’minoti, transport va moliyaviy-texnik yordam sohalari kabi asosiy yo‘nalishlarini qamrab oladi.