27-may kuni ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida xabar berildi.

Hujjat bilan, madaniyat va san’at sohasida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ijodkor yoshlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona platforma joriy etiladi. Platforma ERP madaniyat yagona boshqaruv tizimiga integratsiya qilinadi.

Madaniyat va san’at yo‘nalishidagi startap loyihalari uchun BHMning 100 baravarigacha (37,5 mln so‘m) miqdorida ijodiy grantlar ajratiladi.

Shuningdek, madaniyat sohasida sun’iy intellektdan hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha “Ijodiy texnolaboratoriya” tashkil etiladi. “Madaniyat volontyorlari” ijtimoiy harakati, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida esa “Ijodkor yoshlar klubi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Endilikda har yili jahonning kamida 4 nafar yetakchi mutaxassislari va taniqli san’atkorlari o‘quv jarayonlariga jalb etiladi. Kamida 4 nafar ijodkor yoshlar xorijiy mamlakatlarga tajriba almashish uchun yuboriladi.

2026-yildan Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan yillik kalendar-reja asosida yoshlar uchun tanlov va festivallar tashkil etiladi.

Avvalroq President Tech Award tanloviga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Umumiy sovrin jamg‘armasi $1 mlnni tashkil qiluvchi tanlovda ishtirok etish bepul bo‘lib, arizalarni asosiy hamda maxsus yo‘nalishlar bo‘yicha topshirish mumkin.