Surxondaryo viloyatida ko‘p xonadonga mo‘ljallangan Denov City turar-joy majmuasi quriladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
28-may kuni Denov tumanida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirokida loyiha qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Massiv qurilishi aholi sonining ortishi va urbanizatsiya jarayonlari inobatga olingan holda amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Loyihaning umumiy qiymati 980 mlrd so‘mni tashkil etadi. Uning doirasida 3 500 ta xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli turar joylar barpo etiladi. Loyihani 6 yil davomida amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, bu yerda dam olish va sport-sog‘lomlashtirish markazlari, savdo va xizmat ko‘rsatish hamda boshqa zarur infratuzilma obyektlari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Ulug‘bek Qosimovning ta’kidlashicha, davlat rahbari topshirig‘i asosida amalga oshirilayotgan bu kabi loyihalarda aholining roziligi, qulay turmush sharoiti va farovonligini ta’minlash inobatga olinadi.
Toshkent shahrining Bektemir tumani Zabardast MFY hududidagi 37,5 gektar yer maydonida Bektemir City turar-joy majmuasini qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha qiymati $400 mlnni tashkil etadi. Mirzo Ulug‘bek tumanida $333,1 mlnlik renovatsiya loyihasini amalga oshirish taklif qilindi. Loyiha doirasida 4 485 ta xonadonli 29 ta ko‘p kvartirali uy-joy, maktab va bolalar bog‘chasini qurish rejalashtirilgan.
Avvalroq 2025-yilda Angrenda Angren city kompleksi qurilishi boshlanishi haqida xabar berilgandi. Loyiha doirasida 2 810 ta xonadonga mo‘ljallangan 41 ta ko‘p qavatli turar joy quriladi.