20−21-iyun kunlari Toshkent shahrida texnologiya va san’at orqali barqaror rivojlanish yondashuvlarini qayta tahlil qilishga bag‘ishlangan xakaton bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Tadbirda ishtirokchilar jamoalarga birlashgan holda, g‘oya yaratishdan tortib, namuna tayyorlashgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadilar hamda dolzarb ekologik muammolarning ijodiy yechimlarini taklif etadilar.

mumiy sovrin jamg‘armasi 100 mln so‘m bo‘lgan xakaton ikki yo‘nalishda o‘tkaziladi.

Yo‘nalishlar:

  • Tech for Ecology — barqaror rivojlanish sohasidagi texnologik va tahliliy yechimlar;
  • Art for Ecology — ekologik muammolarni anglashni qayta talqin etadigan vizual, multimedia va badiiy loyihalar.

Tadbirda O‘zbekistonning barcha hududlaridan 18−30 yoshdagi yigit-qizlar ishtirok etishlari mumkin.

Qatnashish bepul bo‘lib, hududlardan kelgan ishtirokchilar uchun transport, turar-joy va ovqatlanish xarajatlari to‘lab beriladi.

Xakatonda ishtirok etishni xohlovchilardan arizalar 6-iyungacha havola orqali qabul qilinadi.

Arizalar faqat individual tarzda qabul qilinadi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 100 nafar ishtirokchi tanlab olinadi va ulardan jamoalar shakllantiriladi.