O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Fatvo markazi hijriy 1446-yil Zulhijja oyining birinchi kuni 28-may, chorshanba kuniga to‘g‘ri kelganini ma’lum qildi. Hijriy-qamariy yil hisobi bo‘yicha Zulhijja oyining 10-kuni Iydul Azho — Qurbon hayitining birinchi kuni hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, mamlakatda Qurbon hayitining birinchi kuni 6-iyunga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi ma’lumotlari asosida davlat rahbari tomonidan tegishli qaror qabul qilingach, Qurbon hayiti kuni rasman belgilanadi.

Bundan tashqari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi o‘z Telegram-kanalida 2025-yilga mo‘ljallangan ish vaqti me’yorlari davomiyligi bo‘yicha taqvimni qayta e’lon qildi. Ushbu hujjatga joriy yilning mart oyida prezident qarori bilan tegishli o‘zgartirishlar kiritilgandi. Unda 6-iyun — Qurbon hayitining birinchi kuni sifatida belgilangan.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonda dam olish kunlari quyidagicha bo‘lishi kutilmoqda:

  • 6-iyun (juma) — Qurbon hayiti, barcha uchun dam olish kuni;
  • 7-iyun (shanba) — 5 kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun dam olish kuni, 6 kunliklar uchun ish kuni;
  • 8-iyun (yakshanba) — barcha uchun dam olish kuni.

Shuningdek, qo‘shni davlatlar, jumladan, Qozog‘istonda ham 6-iyun — Qurbon hayiti kuni deb e’lon qilindi. Qozog‘iston musulmonlari idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, Arafa kuni 5-iyunga, Qurbon hayitining birinchi kuni esa 6-iyunga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq ish vaqtidan tashqari ishning yillik cheklovini olib tashlash taklif etilgani haqida xabar berilgandi.