O‘zbekistonda transport vositalaridan chiqindi tashlagan fuqarolar uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

15-may kuni prezident qarori bilan 2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga avtomobillardan chiqindi tashlaganlik uchun jazo chorasi kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritish ko‘zda tutilgan. Bu avtomobil haydovchilarining ko‘chaga chiqindi tashlash harakatlarini va chiqindilarning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91−1-moddasi bilan belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlaganlik uchun jismoniy shaxslarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (375 ming — 1,125 mln so‘m) miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilangan. Takror sodir etilgan huquqbuzarlik uchun esa bu BHMning 5−10 barabarini (1,875 mln — 3,75 mln so‘m) tashkil etadi.

Agentlik xorijiy tajribada bunday huquqbuzarliklar uchun katta miqdorda jarimalar qo‘llanilishini qayd etib, O‘zbekistonda ham jarimalar miqdorini ko‘paytirish va jazo chorasini kuchaytirish kerakligini bildirdi.

Shundan kelib chiqib, birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jarima miqdorini BHMning 3−5 baravari — 1,125 mln so‘mdan 1,875 mln so‘mgacha, takroriy holat uchun esa 10−15 baravari — 3,75 mln so‘mdan 5,625 mln so‘mgacha oshirish taklif etildi.

Tahlillar haydovchilar va yo‘lovchilar ko‘chalardagi chiqindilarning asosiy manbai ekanligini ko‘rsatadi: yo‘llardagi barcha chiqindilarning taxminan 53%i aynan ular tomonidan tashlab ketiladi.

Toshkent shahrida 638,8 mingdan ortiq transport vositasi mavjud, qo‘shimcha ravishda bir kunda poytaxtga o‘rtacha 150−300 ming atrofida avtomobil kirib keladi. Bir kunda har 10 ta avtomobildan bittasi chiqindi tashlagan taqdirda bir kunda salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi 15 mingdan 30 mingtagacha chiqindi yig‘iladi.

“Yuqoridagi raqamlar avtomobillardan chiqindi tashlash jiddiy muammo ekanligini va bu holat alohida e’tibor hamda yechimlarni talab qilishini ko‘rsatib turibdi”, — deya qayd etiladi agentlik xabarida.

Joriy yilning mart oyi dastlabki ikki haftasida Toshkentda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bo‘yicha jami 2 638 ta holat aniqlanib, huquqbuzarlarga 1,11 mlrd so‘m miqdorida jarima solindi.

Avvalroq 1-iyundan yo‘l chiziqlarini bosgan haydovchilarga radarlar orqali jarima yozilmasligi haqida xabar berilgandi. Endilikda bunday harakatlarni avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali yozishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i bundan mustasno.