29-may kuni Samarqand shahridagi Kongress markazida Shavkat Mirziyoyev va Italiya bosh vaziri Jorja Melonining yuzma-yuz hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi, shu jumladan yetkazib berilayotgan mahsulotlar turining kengaygani hisobiga qariyb 3 barobar oshdi. Qo‘shma korxona va loyihalar soni 2 barobar ko‘paydi. Italiya kompaniyalari bilan metallurgiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, turizm va boshqa sohalarda kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan.

Savdo sohasida biznesga texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirishga kelishib olindi. Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun o‘zbekistonlik eksportchilarni o‘qitish, Toshkentda qo‘shma Sertifikatlash markazini tashkil etish, Muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishni tezlashtirish shular jumlasidan.

Davlat rahbari Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan Texnologik sheriklik dasturini ishga tushirishni taklif qildi.

Xususiy tadbirkorlikning innovatsion loyihalari, o‘ta muhim minerallar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, avtomobilsozlik uchun butlovchi qismlar, elektrotexnika, energetika, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish sanoatida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, charm, mebelsozlik va boshqa tarmoqlar uchun dizayn markazlarini tashkil etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Bunday loyihalar Vengriyaning Inpark kompaniyasi boshqaruvidagi Yevropa kompaniyalari uchun Toshkent viloyatida tashkil etiladigan sanoat parkida joylashtirilishi mumkin.

Loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishga tushirish uchun qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish, shuningdek, Italiyaning SACE va SIMEST davlat agentliklarini jalb qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Kompleks “yo‘l xaritasi” asosida qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli ilmiy-texnologik hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Uzum, zaytun, za’faron, sarsabil yetishtirish, agrolaboratoriyalar tashkil etish, biotexnologiyalarni rivojlantirish va agrosug‘urtani joriy qilish bo‘yicha kooperatsiya istiqbollari qayd etildi.

Yangi loyihalarni ilgari surish maqsadida Hukumatlararo guruh ishini qayta tiklash va uning yig‘ilishini biznes forumi bilan birga o‘tkazishga kelishib olindi. O‘zbekiston va Italiya hududlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini kengaytirish doirasida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana tashrifi va birinchi Hududlar forumi doirasida amaliy natijalarga erishish muhim ekani ta’kidlandi.

Ta’lim sohasida O‘zbekistonda Tushiya universiteti filialini, Piza, Trento, Roma Tre va Ka-Foskari universitetlari bilan ikki tomonlama diplom dasturlarini ishga tushirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Mamlakatda Italiya madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Tashrif doirasida mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bitim imzolangani qayd etildi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Jorja Meloni Strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar.

Ular huzurida tashrif doirasida quyidagi hujjatlarni imzolash va almashish marosimi o‘tkazildi:

  • investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida;
  • strategik ahamiyatga ega xomashyo sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
  • migratsiya va harakatlanish erkinligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
  • barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, madaniy merosni saqlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida;
  • Iqlim jamg‘armasi va Italiya qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi bilan hamkorlik, Sogesid va Ansaldo kompaniyalari bilan “yashil” rivojlanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
  • Tushia, Piza va Turin universitetlari bilan sheriklik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim.

Shuningdek, rasmiy tashrif doirasida Italiya Milliy tadqiqotlar markazi, SIMEST va Danieli kompaniyalari, Peruja universiteti hamda boshqa tashkilotlar bilan qator hujjatlar imzolandi.