2024-yilda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni 9,1 barobarga oshgan. Bu haqda 29-may kuni IIV Kiberjinoyatlar markazida tashkil etilgan press-turda ma’lum qilindi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

So‘nggi besh yilda jismoniy va yuridik shaxslarning kiberhuquqbuzarliklar bo‘yicha murojaatlari 34 baravar, kiberjinoyatlar soni esa 68 baravardan ortiqqa ko‘paygan. 2019-yilda axborot texnologiyalari orqali 18 turdagi 863 ta kiberjinoyat sodir etilgan bo‘lsa, o‘tgan yili 62 turdagi 58 800 ta jinoyat qayd etilgan.

Kiberjinoyatchilar oxirgi uch yilda fuqarolarning 1,9 trln so‘mdan ortiq mablag‘ini talon-taroj qilgan. O‘tgan yilning o‘zida esa bu 603 mlrd so‘mni tashkil etgan.

“Umumiy jinoyatchilikda kiberjinoyat ulushining sezilarli darajada ortayotgani ularning oldini olish zaruratini yanada dolzarblashtirmoqda”, — deya qayd etildi markazda.

2023-yilda kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi 6,2% ni tashkil etdi, 2024-yilda esa bu 44,4% ga yetdi. Deyarli har ikkita jinoyatning bittasi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan.

Tahlillar bank kartalari bilan bog‘liq o‘g‘irlik va firibgarlik holatlari kundan-kunga avj olayotganini ko‘rsatmoqda. Kiberjinoyatlarning asosiy qismi — 98%i aynan bank kartalari orqali amalga oshirilgan. Jinoyatlar quyidagi usullarda sodir etilmoqda:

  • 60%i zararli havolalar va dasturlar yuborish orqali bank kartasi yoki mobil qurilma boshqaruvini qo‘lga kiritish;
  • 16%i turli aldovlar bilan karta va ilova akkauntlari boshqaruvini tasdiqlovchi SMS-kodni qo‘lga kiritish orqali;
  • 4%i fuqaro nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish;
  • 11%i onlayn savdo platformalaridagi firibgarliklar;
  • 9%i turli usuldagi firibgarlik sxemalari orqali fuqarolarning pul mablag‘larini jalb qilish tarzida.

Kiberjinoyatlar markazi AKTning kengayishi va real vaqt rejimida axborot olish imkoniyatining oshishi sharoitida kiberjinoyatlar murakkab transmilliy muammoga aylanib borayotganini qayd etdi.

Ularning oldini olish uchun esa fuqarolarning kibertahdidlardan ogohlini va raqamli savodxonligini oshirish kerak, deya xulosa qilindi

2024-yilda O‘zbekistonda fuqarolar kartalaridan firibgarlik yo‘li bilan kredit olish bo‘yicha murojaatlar soni 42%ga oshgan. Markaziy bank o‘tgan yilning 1-noyabridan shubhali frod operatsiyalarining oldini olish uchun sinov tarzida onlayn kredit berishda vaqtinchalik tartibni joriy qildi. Natijada, regulyator 285 mlrd so‘m miqdoridagi onlayn kreditlarni firibgarlardan qaytarib qoldi.

Joriy yilning aprel oyi oxirida qabul qilingan prezident qarori bilan axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishni kuchaytirish belgilandi. Endi kiberjinoyat uchun bank kartasi yoki SIM-karta egasi ham javobgar bo‘ladi. Agar moliyaviy firibgarlik banklar yoki to‘lov xizmatlari e’tiborsizligi tufayli sodir bo‘lsa, zarar ular hisobidan undiriladi.

Avvalroq banklar va to‘lov xizmatlari o‘z ilovalarida antiviruslarni o‘rnatishi haqida xabar berilgandi.