Sankt-Peterburg hukumati mehnat migrantlaring patent asosida ayrim sohalarda ishlashini taqiqlashni taklif qildi. Bu haqda vc.ru nashri xabar berdi.

Shahar gubernatori tomonidan e’lon qilingan qarori loyihasi mehnat patentiga ega bo‘lgan migrantlarni taksi va yetkazib berish xizmatiga jalb qilishni taqiqlashni nazarda tutadi.

Qayd etilishicha, taqiq 2025-yil oxirigacha amal qiladi, keyin shahar mehnat va bandlik qo‘mitasi uni 2026-yilgacha uzaytirishni ko‘rib chiqadi.

Qaror gubernator tomonidan imzolanib, rasmiy ravishda e’lon qilingandan so‘ng kuchga kiradi. Kompaniyalarga ko‘rsatmalarni bajarish uchun uch oylik muddat beriladi.

Migrantlar faoliyatidagi cheklovlardan tashqari, 2025-yil 1-iyuldan boshlab yetkazib berish sohasidagi kompaniyalar va tadbirkorlar quyidagi bir nechta yangi talablarga rioya qilishlari — yetkazib berish reyestrini yuritish hamda barcha kuryerlarni geolokatsiya qurilmalari bilan ta’minlash shart bo‘ladi.

O‘z navbatida, kurнerlar tashqi ko‘rinishga qo‘yilgan talablarga rioya qilishlari, kiyimlarida va transport vositalarida identifikatsiya raqamini taqib yurishlari, shaxsiy ma’lumotlarini yig‘ish va qayta ishlashga rozilik berishlari kerak.

Shuningdek, samokat va velosipedlarda harakatlanayotganda tezlikni soatiga 15 kilometrdan oshirmasliklari hamda shaharning ayrim hududlarida harakatlanish taqiqiga amal qilishlari shart bo‘ladi.

Joriy yil 1-yanvaridan Rossiyaning Saratov viloyati gubernatori Roman Busargin xorijiy mehnat migrantlarini kuryerlik xizmatiga jalb qilishga taqiq qo‘ydi.

Shuningdek, ular uchun jamoat transporti, taksi va umumiy ovqatlanish sohasida ishlash bo‘yicha amaldagi cheklov uzaytiriladi.

Avvalroq Busargin 2024-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar jamoat transporti, taksi va umumiy ovqatlanish sohasida xorijiy mehnat migrantlarining ishlashini taqiqlagan edi.

Saratovda faoliyat yuritayotgan biznes va tashkilotlarga iqtisodiy faoliyatning ayrim turlari bo‘yicha patentlar asosida mehnat faoliyatini olib borayotgan chet el fuqarolarini jalb etish man etiladi.