O‘zbekistonda yangi o‘rik narxlari ketma-ket ikki hafta davomida pasayishda davom etmoqda va so‘nggi ikki hafta ichida bu mahsulot narxi 3 barobar arzonlashdi.
Hozirgi narxlar so‘nggi besh yilning shu davri uchun eng past darajada turibdi, deya ta’kidlaydi EastFruit tahlilchilari.
EastFruit narxlar monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 9-maydan 23-maygacha O‘zbekistonda yangi o‘rikning o‘rtacha ulgurji narxi kilogrammi uchun 15 ming so‘mdan 5000 so‘mgacha ($1,16dan $0,39gacha) pasaydi.
O‘zbekistonda yangi o‘rik narxlari nafaqat may oyida, balki butun mavsum davomida nihoyatda yuqori bo‘lgan 2021−2022-yillardagi hosilsiz yillarni hisobga olmaganda ham, ushbu mahsulotning hozirgi ulgurji narxlari o‘tgan ikki yilning shu davriga nisbatan o‘rtacha 2,4 baravar past.
Shunday qilib, 2025-yil 23-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rikning o‘rtacha ulgurji narxi 2021−2025-yillarning ayni davri uchun eng past darajadadir.
EastFruit avvalroq ham O‘zbekistonda o‘rik narxi bir hafta ichida keskin pasaygani haqida xabar bergandi.
2-may holatida O‘zbekistonda yangi o‘rikning o‘rtacha ulgurji narxi bir kilogrammi uchun 15 ming so‘mni ($1,16) tashkil etgan va bir hafta davomida — 9-maygacha shu darajada saqlanib qolgan.
Biroq keyingi hafta mobaynida, 9-maydan 16-maygacha, narx keskin pasayib, uchdan bir qismga, ya’ni bir kilogramm uchun 10 ming so‘mgacha ($0,77) tushgan.