Senatning navbatdagi yalpi majlisida elektron soliq to‘lovlarida shaxsni yuz va barmoq izlari orqali tasdiqlash imkonini beruvchi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Onlayn davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish va zarur hujjatlarni elektron rasmiylashtirishni kengaytirish uchun ularning huquqiy asoslarini belgilash zarurati qayd etildi. Shundan kelib chiqib, Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, elektron soliq to‘lovlarini amalga oshirishda biometrik identifikatsiyadan Mobil-ID tizimi orqali o‘tish mumkin bo‘ladi. Bunda hujjatlarnoyuz qiyofasi (Face-ID) va barmoq izlari orqali ma’lumotlarni tasdiqlash mumkin bo‘ladi.
Senator Erkin Gadoyev soliq hisobotlarini faqat elektron tarzda taqdim etish inson omilini qisqartirganiga qaramay, ularni elektron raqamli imzo (ERI) orqali tasdiqlash tartibi soliq to‘lovchilar xarajatlarining oshishiga olib kelayotganini ta’kidladi. Hozirda ERI berish uchun yuridik shaxslardan BHMning 10%i (37,5 ming so‘m), jismoniy shaxslardan esa 7% (26,25 ming so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.
Bundan tashqari, ortiqcha undirilgan yoki to‘langan soliq summasini soliq to‘lovchilarning boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlari uchun hisobga olish tartibi belgilanmoqda. Amalda qarzdorlik bo‘lmasa, mablag‘lar soliq to‘lovchiga qaytarilishi yoki undirilgan soliq bo‘yicha kelgusi to‘lovlar hisobiga olinishi kerak.
Gadoyevning qayd etishicha, bu soliq bo‘yicha to‘lov jarayonlarini qisqartirishini hamda tadbirkorlarning aylanma mablag‘larining chetga jalb qilinishini oldini oladi. Kelgusi to‘lovlar hisobiga kiritish soliq to‘lovchining arizasiga muvofiq amalga oshiriladi hamda bu muddat 15 kundan 3 kunga qisqartiriladi.
Shuningdek, mahallarda servis xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalarning aholiga taqdim etilgan ijtimoiy xizmatlari orqali olingan foydasi soliqlardan ozod etiladi. Ular uchun mol-mulk va yer soliqlari, shuningdek, ijtimoiy soliqlar ham bekor qilinadi. Xizmatlarni qiymatini arzonlashtirish maqsadida mahalla servis korxonalarida ishlovchi xodimlar ham daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan fuqarolarning, shuningdek ularning erining (xotinining) ish haqi va boshqa daromadlari to‘liq daromad solig‘idan ozod etish belgilanmoqda.
Qishloq xo‘jaligida, jumladan, baliqchilik xo‘jaliklarida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlari soliq organlari tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bu xo‘jaliklarning yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan xatoliklarini oldini olishga hamda javobgarlikdan ozod qilishga imkon beradi.
Bundan tashqari, qonun bilan Jizzax viloyatining Sharof Rashidov hamda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanlaridagi charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari hamda ulardagi kompaniyalar yuridik shaxslardan olinadin mol-mulk, yer hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlardan ozod etiladi. Bu 2025-yildan 2026-yilgacha bo‘lgan muddatga amal qiladi.
Avvalroq parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar 2030-yilgacha yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi haqida xabar berilgandi.