AQShning xalqaro savdo masalalari bo‘yicha federal sudi prezident Donald Trampning import uchun global tariflarini to‘xtatish haqida qaror chiqardi. Bu haqda BBC News nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu Amerikalik rahbarning iqtisodiy siyosatidagi asosiy unsurga jiddiy zarba bo‘ldi. Tariflarni joriy etishda Tramp o‘z vakolatlari doirasidan chetga chiqqani ta’kidlandi.

Uch nafar sudyadan iborat hay’at qarorida aytilishicha, Tramp tariflarni joriy etishni asoslash uchun keltirgan 1977-yildagi Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun (IEEPA) prezidentga deyarli butun dunyoga bojlar joriy etish huquqini bermaydi.

Manxettenda joylashgan sud, shuningdek, AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, Kongressga boshqa mamlakatlar bilan savdoni tartibga solishda mutlaq vakolatlar berilganini va bu vakolatlar prezidentning iqtisodiyotni himoya qilish vakolatlari bilan bekor qilinishi mumkin emasligini ta’kidladi.

Qaror e’lon qilinganidan bir necha daqiqa o‘tib, Tramp ma’muriyati apellyatsiya berdi.

“Saylanmagan sudyalar mamlakatdagi favqulodda vaziyatga qanday to‘g‘ri munosabat bildirishni hal qilishga haqli emas”, — dedi Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Kush Desai.

CNN nashrining xabar berishicha, sud Tramp tomonidan favqulodda iqtisodiy vakolatlar asosida joriy etilgan global tariflarni to‘xtatib qo‘ydi. Bu tariflar qatoriga prezidentning o‘zi “Ozodlik kuni” deb e’lon qilgan 2-aprel sanasida e’lon qilingan tariflar ham kiradi.

Agar sud qarori apellyatsiyada va, ehtimol, Oliy sudda tasdiqlansa, tariflarning katta qismi (lekin hammasi emas) to‘xtatiladi.


Avvalroq Spot Donald Tramp shu haftada Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritishi mumkinligi haqida yozgandi.

Yangi cheklovlar bank sanksiyalarini o‘z ichiga olmaydi, hukumat vakillari Moskvaga bosim o‘tkazishning boshqa usullarini muhokama qilmoqda.