Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Unda bugungi kunda ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar ijtimoiy ahamiyatini yo‘qotgani va ularning soni keskin kamaygani, kodeksning bir nechta moddasida ayni bir ma’muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilangani qayd etildi. Yangi qonun loyihasi ularni muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Xususan, kodeksga ayrim huquqbuzarliklar uchun qilmishning xususiyati, jazolashdan ko‘zlangan maqsadga erishish uchun yetarlilik nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda ma’muriy javobgarlikni bekor qilish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining quyidagi moddalari bilan belgilanadigan javobgarlik choralarini olib tashlashni nazarda tutadi:

  • 73-modda. Zararli moddalar va qorishmalarga oid operatsiyalarni kema hujjatlarida qayd etish majburiyatlarini bajarmaslik (2019−2023 yil olti oyida hech qanday huquq buzarlik sodir etilmagan);
  • 141-modda. Transport vositalaridan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanish (2019-yilda 19 ta, 2020-yilda 20 ta, 2021−2022 yililarda bittadan ish ko‘rilgan, 2023−2024-yilda birorta ish ko‘rilmagan);
  • 151-moddaning birinchi qismi. Ruxsatsiz radiouzatkich shoxobchasi o‘rnatish yoki undan foydalanish (O‘zbekistonda avtomatlashtirilgan radiotranslyatsiya uzellari, ularni o‘rnatish holatlari amaliyotda mavjud emas);
  • 156-modda. Avtomat telefonlarni shikastlantirish (O‘zbekistonda hududida bunday telefonlar yo‘q);
  • 227−3-modda. Tovarlar va transport vositalarini yetkazib berilgan joyda ko‘rsatmaslik hamda ularning hujjatlarini topshirmaslik (2022 va 2023-yilda bittadan huquqbuzarlik sodir etilgan, 2024-yilda kuzatilmagan).

Ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritishda xususiy ayblov instituti tashkil qilinadi. Ayrim huquqbuzarliklar uchun faqat jabrlanuvchining arizasi asosida ish yuritish amaliyoti joriy etiladi.

Senat raisi Tanzila Norboyevaning qayd etishicha, ushbu ma’muriy huquqbuzarliklarga quyidagilar kiradi:

  • tuhmat va haqorat;
  • shaxsiy hayot daxlsizligiga tajovuz;
  • yengil tan jarohati yetkazish;
  • turar joy daxlsizligini buzish;
  • moddiy-ma'naviy zarar keltiruvchi ma’lumotlarni oshkor etish;
  • mulkka qasddan zarar yetkazish kabi holatlar.

Shu bilan birga, agar jabrlanuvchi voyaga yetmagan, nochor yoki huquqbuzarga qaram bo‘lsa — bu holatda ariza bo‘lmagan taqdirda ham ish qo‘zg‘atilishi shartligi belgilangan.

Bundan tashqari, qonun bilan ayni bir qilmish, ya’ni tamaki mahsulotini belgilanmagan joylarda iste’mol qilish uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning turli moddalarida nazarda tutilgan javobgarlik alohida moddada — 56−1-moddasi aks ettirilmoqda.

Qonun qabul qilinishi mas’ul davlat organlari ish yuklamasining kamayishiga, fuqarolar o‘rtasidagi ayrim kelishmovchiliklar sudga qadar hal etilishiga yordam berishi qayd etildi. Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Avvalroq Senatda O‘zbekistonda gibrid avtomobillardan ekologik sertifikat talab etilishi masalasi ko‘rib chiqilgani haqida xabar berilgandi.