AQShda Aircela kompaniyasi birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri havodan benzin sintez qila oladigan qurilmani taqdim etdi. Bu haqda hi-tech.mail nashri xabar berdi.

Sovutgich hajmidagi bu qurilma karbonat angidridni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qamrab olish va yoqilg‘i sintezi texnologiyalarini birlashtirib, dvigatellarni o‘zgartirish zaruratisiz an’anaviy benzinga ekologik toza muqobil variantni taklif etmoqda.

“Biz prototip emas, ishlaydigan mashina yaratdik. Tizim ulangan holda minimal sozlash bilan turar-joy, tijorat yoki sanoat binolarida ishlashi kerak”, — dedi Aircela bosh direktori Erik Dalgren.

Aircela mashinasi atmosferadagi karbonat angidridni ushlab qoladi va uni mavjud dvigatellarga to‘liq mos keladigan tayyor yoqilg‘iga aylantiradi.

Qayd etilishicha, olingan yoqilg‘i tarkibida oltingugurt, etanol va og‘ir metallar yo‘q, bu esa ekologiya uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Yirik sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zavodlardan farqli o‘laroq, Aircela yondashuvi ixcham, oson masshtablanadigan modullarga asoslangan.

Bu logistika xarajatlari va chiqindilarni kamaytirgan holda texnologiyani istalgan joyda tezda joriy etish imkonini beradi.

Aircela 2025-yil kuzigacha o‘z qurilmalarini dastlabki joylashtirish ishlarini boshlashni rejalashtirmoqda.

Ushbu qurilmalar asosan avtonom, tijorat va sanoat sohasidagi foydalanuvchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, ular tizimli o‘zgarishlarni talab qilmaydigan hamda tarkibida qazilma yoqilg‘i bo‘lmagan yonilg‘iga ehtiyoj sezadigan mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.


Avvalroq Spot Air Products Navoiyazotda karbonat angidrid ishlab chiqarishga $15 mln yo‘naltirgani haqida yozgandi. Kimyo majmuasi negizidagi ammiak ishlab chiqarish liniyasida CO2ni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.