29-may kuni Moskvaga ikki kunlik tashrif bilan kelgan O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi.
Ucharashuvda tomonlar savdo, investitsiya, mehnat migratsiyasi va yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralarda tovar ayirboshlash sur’ati va qo‘shma loyihalar, eng avvalo, sanoat va energetika sohalarida faol ilgari surilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, migratsiya tartib-taomillarini tezlashtirish chora-tadbirlari va patentlarni rasmiylashtirish bosqichlarining bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Saida Mirziyoyeva va Mixail Mishustin hududlararo sheriklik va yangi ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish, jumladan, oliy o‘quv yurtlarining yangi filiallarini ochish va MISiS muhandislik maktabini ishga tushirish muhimligini ta’kidladilar.
Safar davomida prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbari Anton Vayno, uning ikki birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko va Aleksey Gromov, Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy va Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Fevral oyi boshida O‘zbekiston va Rossiya vakillari Toshkentdagi Saxarova migratsiya markazi filialida rus tilidan imtihon topshirishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olgandi.
Bundan tashqari, Migratsiya agentligi Rossiyada patent olish uchun imtihonga tayyorgarlik ko‘rish uchun saytni ishga tushirdi. O‘zbekistonliklar rus tili, Rossiya Federatsiyasi tarixi va qonunchiligi bo‘yicha sinov testlaridan bepul o‘tishlari mumkin.
Aprel oyida O‘zbekiston va Rossiya mehnat migrantlarini ishga qabul qilishning majburiy tartiblarini Toshkentga ko‘chirish masalasini muhokama qilgan edi. IIV pasport-viza xizmati vakolatxonasi faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Rossiya tomoni tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
Avvalroq Spot Moskva va Moskva viloyatida migrantlarni geolokatsiya bo‘yicha kuzatish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, buning uchun 1-sentabrdan boshlab mehnat migrantlari o‘z telefonlariga maxsus ilovani yuklashlari shart bo‘ladi.