Pokiston hukumati bitkoinlarda milliy strategik zaxira yaratish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan Bitcoin 2025 konferensiyasida Pokiston Kriptovalyutalar kengashi rahbari Bilol bin Saqib ma’lum qildi, deya xabar beradi CoinDesk.
Bin Saqibning aytishicha, Pokistonning strategik bitkoin zaxirasi rejasi AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining AQShda strategik bitkoin zaxirasini yaratish bo‘yicha rejasidan ilhom olgan.
Pokiston vakili o‘z nutqida dunyodagi ko‘pchilik uning mamlakatini noto‘g‘ri tushunishini ta’kidladi. Ammo rasmiy shaxslar milliy obro‘ni yaxshilashga umid qilmoqda, jumladan kriptovalyutalar sohasida qarorlar qabul qilish orqali.
“Bugun tarixiy kun. Men Pokiston hukumati davlat strategik bitkoin zaxirasini tashkil etayotganini e’lon qilaman. Biz AQShga minnatdorchiligimizni bildirmoqchimiz, chunki ularning namunasidan ilhom oldik”, — dedi Bilol bin Saqib.
U yana qo‘shimcha qilib, bitkoinlarni zaxiralash va “hech qachon, aslo sotmaslik” rejalashtirilganini ta’kidladi.
“Bu hamyon, milliy bitkoin-hamyon chayqovchilik yoki shov-shuv uchun mo‘ljallanmagan. Biz bu bitkoinlarni saqlaymiz va hech qachon, hech qachon sotmaymiz”, — dedi u.
Mutasaddi strategik zaxirani yaratishdan tashqari, Pokiston hukumati bitkoin qazib olish va sun’iy intellekt ma’lumot markazlari uchun 2000 megavatt elektr energiyasi ajratganini e’lon qildi.
“Biz barcha maynerlarni Pokistonga kelishga, barcha infratuzilma o‘yinchilarini Pokistonga kelib, biz bilan qurilish qilishga taklif qilmoqchimiz”, — dedi Bin Saqib.
Avvalroq Spot Shimoliy Koreya bitkoin zaxiralari bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egallagani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, mamlakat AQSh va Buyuk Britaniyadan keyin bunday natijaga muvaffaqiyatli xakerlik hujumlari orqali erishgan.