O‘zbekistonda Qurbon hayiti bayrami 6-iyun kuni nishonlanadi. Bu bo‘yicha prezidentining qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 2025-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 6 iyun — juma kuniga to‘g‘ri kelishi belgilandi.
Aholining Qurbon hayiti bayramini munosib o‘tkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 7-iyun — shanba kuni 6 kunlik ish haftasi tartibi bo‘yicha ishlaydigan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilandi.
Shundan kelib chiqib, bayramda dam olish kunlari quyidagicha bo‘ladi:
- 6-iyun (juma) — Qurbon hayiti, barcha uchun dam olish kuni;
- 7-iyun (shanba) — 5 kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun ham 6 kunliklar uchun ham dam olish kuni;
- 8-iyun (yakshanba) — barcha uchun dam olish kuni.
Turizm qo‘mitasiga Transport vazirligi bilan birgalikda fuqarolar uchun Qurbon hayiti kunlarida ziyoratgohlar va tarixiy joylarga ziyoratlarni tashkil etish uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratish topshirildi.
Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Fatvo markazi hijriy 1446-yil Zulhijja oyining birinchi kuni 28-may, chorshanba kuniga to‘g‘ri kelganini ma’lum qilgandi. Hijriy-qamariy yil hisobi bo‘yicha Zulhijja oyining 10-kuni Iydul Azho — Qurbon hayitining birinchi kuni hisoblanadi.