Rossiyada bank hisob raqamini ochmasdan pul o‘tkazmalari uchun limit amal qila boshladi. Bu haqda hi-tech.mail nashri xabar berdi.
Qabul qilingan qonunga ko‘ra, 30-maydan boshlab cheklov 100 ming rublni tashkil etadi. Ilgari o‘tkazmalar uchun cheklovlar yo‘q edi.
Soddalashtirilgan identifikatsiyadan o‘tish, shu jumladan elektron hamyonlar orqali hisob ochmasdan, istalgan summani yuborish mumkin edi. Endi bir vaqtning o‘zida faqat 100 ming rubl yoki uning xorijiy valyutadagi ekvivalentini yuborish mumkin.
Cheklov jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga yordam berishi taxmin qilinmoqda, deya ta’kidladi Rosfinmonitoring.
Buning uchun 100 ming rubldan ortiq pul o‘tkazmalarida banklar jo‘natuvchini to‘liq identifikatsiya qilishlari shart bo‘ladi.
O‘zgarishlar birinchi navbatda Rossiya bo‘ylab yoki xorijga pul o‘tkazmalari xizmatlari orqali pul jo‘natuvchilarga yoki elektron hamyonlardan foydalanuvchilarga ta’sir qiladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida katta miqdordagi mablag‘ni o‘tkazish zarur bo‘lsa, bank hisobi ochish talab etiladi.
Buning uchun moliyaviy tashkilotlarga batafsil shaxsiy ma’lumotlarni, shu jumladan familiyasi, ismi va otasining ismini, pasport seriyasi va raqamini, STIR ma’lumotlarini hamda ro‘yxatdan o‘tgan va yashash manzillarini taqdim etish zarur.
Agar o‘tkazma summasi 100 ming rubldan kam bo‘lsa, soddalashtirilgan identifikatsiyadan o‘tish yetarli hisoblanadi. Unga faqat pasport ma’lumotlari kerak.
15 ming rubldan ortiq bo‘lmagan pul o‘tkazmalarida identifikatsiya talab qilinmaydi. Shu bilan birga, shaxs to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlarni taqdim etmasdan oyiga 200 ming rubl miqdorida limit amal qiladi.
Avvalroq Spot uch oyda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 32%ga oshgani haqida yozgandi. Yanvar-mart oylarida transchegaraviy o‘tkazmalar hajmi $3,3 mlrdni tashkil qildi.