Rossiya kartoshka tanqisligi va narxlarning keskin oshishi sababli birinchi marta Mo‘g‘ulistondan mahsulot xarid qilishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Moscow Times nashri xabar berdi.

Baykal-Daily nashrining xabar berishicha, aprel-may oylarida qo‘shni davlatdan Buryatiyaga 4 ming tonnadan ortiq kartoshka olib kirilgan.

Rosselxozmarkaz mahalliy bo‘limi rahbari Namjil Mardvaev bu xabar “tushkunlikka soluvchi taassurot” qoldirganini ta’kidladi. Chunki Buryatiyada kartoshka 300 yildan ziyod vaqtdan beri yetishtirib kelingan bo‘lsa, Mo‘g‘ulistonda bu ish faqat 1960-yillarda boshlangan, eng samarali davri esa 2000-yillarga to‘g‘ri keladi.

“Mo‘g‘ullar asrlar davomida barcha kartoshkani bizdan olib ketishardi”, — deya izoh berdi Mardvaev.

Yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda kartoshka tanqisligi muammosini tan olgan edi.

Putin Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan suhbatlashganida kartoshkaning hammasini allaqachon Rossiyaga sotib bo‘ldik deganini aytgan.

Qayd etilishicha, Rossiyada 2024-yilda yuz bergan hosil kamayishi, sovuq urishi va qurg‘oqchilik tufayli kartoshka taqchilligi yuzaga kelgan. Natijada fermerlar 7,3 mln tonna kartoshka yig‘ishdi, bu 2023-yilga nisbatan 1,2 mln tonna kamdir.

Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbari Oksana Lut ichki iste’molni 8 mln tonna deb baholagan edi. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaziyatda may oyi oxiriga kelib mamlakatda kartoshkaning chakana narxlari o‘tgan yilga nisbatan 173%ga ko‘tarildi. Bu ko‘rsatkich so‘nggi 23 yillik rasmiy statistikada qayd etilgan eng yuqori natija bo‘ldi.

Kartoshka taqchilligi xavfi tufayli hukumat 2025-yil yanvaridan boshlab “do‘st” mamlakatlardan kartoshkani bojsiz olib kirishga ruxsat berdi. Davlat dumasi vitse-spikeri Boris Chernishov esa kartoshka chakana narxlarini vaqtinchalik davlat tomonidan tartibga solishni joriy etishni taklif qildi.

“Kartoshka ba’zan ikkinchi non deb ataladi, shuning uchun bu ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulot narxlarining jiddiy tebranishi millionlab oilalar budjetiga sezilarli darajada ta’sir qiladi”, — deb yozdi Chernishov Iqtisodiy rivojlanish vazirligi rahbari Maksim Reshetnikovga yo‘llagan murojaatida.


Avvalroq Spot Qirg‘iziston kartoshka eksportini vaqtinchalik taqiqlamoqchi ekanligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, bunday chora narxning sun’iy oshishiga yo‘l qo‘ymaslik va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.