AQSh Apellyatsiya sudi Trampning Federal sud tomonidan bloklangan bojlarini vaqtincha tikladi, deya xabar berdi The Wall Street Journal.
Hujjatda aytilishicha, xorijiy mahsulotlarga nisbatan tariflar yangi qaror chiqqunga qadar amal qilishda davom etadi. Tegishli hujjat apellyatsiya instansiyasi saytida e’lon qilingan.
Sud Liberty Justice Center’dan bojlarning noqonuniyligi haqidagi dalillarni 5-iyungacha taqdim etishni talab qildi. AQSH Adliya vazirligi da’vogarlarning da’volariga javob tayyorlaydi va shundan so‘ng sud jarayoni boshlanadi.
28-may kuni AQSh xalqaro savdo bo‘yicha federal sudi Amerika prezidentining XXR, Kanada va Meksikadan keltirilgan tovarlarga nisbatan joriy qilgan bojlarini noqonuniy deb topdi.
Sudning baholashicha, janob Tramp ushbu bojlarni joriy etishda o‘z vakolatlaridan chiqib ketgan va bojlardan AQShni iqtisodiy tahdidlardan himoya qilish vositasi sifatida foydalanish mumkin emasligini e’tiborsiz qoldirgan.
O‘shanda sud nafaqat Donald Trampning 2-apreldagi 185 mamlakatga nisbatan bojlarini, balki Xitoy (30%), Kanada va Meksikadan (25%) importga nisbatan ilgari kiritilgan bojlarni ham AQShga fentanil kontrabandasiga qarshi kurashda mamlakatlarning yetarlicha sa’y-harakatlari yo‘qligi, shuningdek, universal 10%lik bojlarni bloklagan edi.
Qaror e’lon qilinganidan bir necha daqiqa o‘tib, Tramp ma’muriyati apellyatsiya bergan edi.
“Saylanmagan sudyalar mamlakatdagi favqulodda vaziyatga qanday to‘g‘ri munosabat bildirishni hal qilishga haqli emas”, — dedi Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Kush Desai.
CNN telekanalining aniqlik kiritishicha, sud qarori ayrim mamlakatlarga nisbatan bojlar amal qilishini to‘xtatgan, biroq avtomobillar, po‘lat va alyuminiyga 25%lik bojlarga taalluqli bo‘lmagan.
Avvalroq Spot Donald Tramp shu haftada Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritishi mumkinligi haqida yozgandi.
Yangi cheklovlar bank sanksiyalarini o‘z ichiga olmaydi, hukumat vakillari Moskvaga bosim o‘tkazishning boshqa usullarini muhokama qilmoqda.