Avvalroq 29-may kuni Samarqandda Shavkat Mirziyoyev va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgani hamda tomonlar o‘zaro hujjat imzolagani haqida xabar berilgandi.
Uning doirasida O‘zatom agentligi va Italiyaning Ansaldo Energia S.p.A. kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Kelishuv doirasida kompaniya texnologiyalari va tajribasini qo‘llagan holda kadrlar va ilmiy-texnik salohiyatni oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning aprel oyida Jizzaxda kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Qurilish-montaj bazasi energobloklar qurilishi davrida ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi. May oyida kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi.
Undan keyin Rosatom O‘zbekistondagi kichik AES uchun uskunalar ishlab chiqarishni boshladi. Davlat korporatsiyasining Sankt-Peterburgdagi zavodida RITM-200N reaktor qurilmasi uchun 205 tonnalik birinchi quyma quyilgan.
Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zatom va MVM EGI Zrt o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va anglashuv memorandumi imzolandi. Bitim ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, AESlarda quruq sovitish tizimlarini yetkazib berish va amalda tatbiq qilishga qaratilgan. 2026-yildan O‘zbekistonda AESlarni sovutish uchun quruq gradirnyalar ishlab chiqarish boshlanadi.
Avvalroq O‘zbekiston AES qurilishini moliyalashtirishga Xitoydan mablag‘ jalb qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.