Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi YouTube platformasining O‘zbekistonda reklama daromadlaridan foydalanish xizmati yoqilishining iqtisodiyotga ta’siri va mavjud to‘siqlar tahlil qildi.
YouTube monetizatsiyasi 108 ta davlatda yoqilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Qozog‘istonda mavjud. Rossiya (sanksiyalar sabab), Xitoyda ham xizmat yoqilmagan.
O‘zbekistonda kreativ industriya sohasidagi 9,6 ming korxonada 84 ming nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Kreativ iqtisodiyotning umumiy iqtisodiyotdagi ulushini 2030-yilgacha 5%ga yetkazish maqsad qilingan.
2025-yil yanvar oyi holatiga O‘zbekistonda 33,9 mlnta mobil aloqa foydalanuvchilari, 32,7 mln internet foydalanuvchilari mavjud (o‘tgan yilga nisbatan o‘sish — 2%). Mobil internet o‘rtacha tezligi 37,82 mb/c, simli (o‘zgarmas) internet tezligi esa 79,06 mb/sni tashkil etadi. Faol ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari — 11,7 mln.
O‘zbekistonda Meta (Facebook va Instagram) foydalanuvchilari soni 14 mln, TikTok — 2,6 mln, X foydalanuvchilari esa 250 ming nafarni tashkil etadi. Oylik faol foydalanuvchilar Telegram’da 20 mln, YouTube — 13 mln, Meta’da 10 mlnga yetadi. Veb traffikning 66%i Instagram, 13%i — Pinterest, 8%i — Facebook, 6,3%i YouTube’ga sarflanadi.
Tahlillar monetizatsiya xizmati yoqilishi O‘zbekistonda mahalliy reklama bozori hajmini oshirishini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, YIMni 0,05−0,1% ga ko‘paytirishi mumkin. Hozirda bu xizmat O‘zbekiston uchun mavjud emas.
Mahalliy kompaniyalar YouTube orqali o‘z auditoriyasiga reklama bera oladi. Undan tushgan mablag‘ning bir qismi esa blogerlarga qaytadi. 2024-yilda mamlakat reklama bozori 2,1 trln so‘mni tashkil etib, shundan 29%i raqamli reklama hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Qozog‘istonda YouTube monetizatsiyasidan olinadigan daromad YIMga nisbatan 0,1%ni tashkil etgan. Rossiyada YouTube monetizatsiyasi o‘chirilgandan so‘ng blogerlar 20 mlrd rubl ($231 mln) zarar ko‘rgan.
Mahalliy kontentni monetizatsiya qilish salohiyati
YouTube platformasida rasmiy monetizatsiyaning ochilishi o‘zbek videoblogerlarining bir yillik umumiy daromadini $30−50 mlnga yetkazishi mumkin. Bu esa mahalliy bozorga investitsiyalar hajmini oshiradi, mahalliy savdo va xizmatlar o‘sadi. Yangi kontent yaratuvchilar soni, IT (montaj, video, animatsiya) xizmatlariga talab ortadi.
Hozir O‘zbekistonda 26 mingdan ortiq videoblogerlar faoliyat yuritadi. Ulardan 1000 nafari 100 mingdan ortiq obunachiga ega katta bloger, 5000 nafari o‘rta bloger (10−100 ming obunachi) va 20 ming nafar kichik bloger (1−10 ming obunachi) hisoblanadi.
Agar 1000 ta ko‘rish uchun o‘rtacha CPM (reklama to‘lovi) $0,8 — $1,4 deb hisoblansa, yillik umumiy ko‘rishlar soni 36 mlrdni tashkil etib, jami daromad $28,8−50,4 mln oralig‘ida bo‘lishi mumkin. AQShda CPM $5-$15, Qozog‘istonda $0,8-$2 atrofida.
O‘zbekistonda blogerlik faoliyati bozorining o‘sish salohiyati yuqori, biroq raqobat darajasi nisbatan past. Bu sohani institutsional rivojlantirish, yoshlarni raqamli iqtisodiyotga va kontent-kreativ sohasiga sarmoyalarni jalb etishga asos bo‘ladi.
YouTube monetizatsiyasiga nimalar to‘siq bo‘lmoqda?
ITIM YouTube monetizatsiyasini yoqishda asosiy to‘siq sifatida shaxsiy ma’lumotlar bazasini O‘zbekistonda saqlash talabini keltirdi. “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonun bilan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlari jisman mamlakat hududida joylashgan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan texnik vositalar hamda bazalarida saqlanishi shart.
Ayrim davlatlarda ham serverlarni mamlakat ichkarisida joylashtirish talabi bo‘lishiga qaramay, xalqaro IT-kompaniyalarga talablar yumshatilib, alohida shartnomalar tuziladi.
Masalan, Rossiya va Qozog‘iston Google va Meta bilan mamlakat hududida serverlarni joylashtirmasdan, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishga kelishgan. Yevropa Ittifoqida mamlakat tashqarisiga ma’lumotni chiqarish Yevropa singari xavfsiz saqlanish sharti bilan ruxsat beriladi.
Mahalliy ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish va mahalliy serverlar talabini yengillashtirish uchun global bulutli xizmatlar (AWS, Google Cloud, Microsoft Azure) bilan hamkorlikni kengaytirish talab etiladi.
YouTube serverlari Tier III xalqaro standartlari asosida ishlaydi. O‘zbekistonda birinchi Tier III standartidagi bulutli ma’lumotlar markazi 2021-yilda O‘ztelekom tomonidan qurilgan. Tier III standartidagi ma’lumotlar bazasini qurishda har bir mln megavat uchun o‘rtacha $7−10 mln sarflanadi. YouTube ma’lumotlar bazasi — o‘rtacha 5−20 mln megavat.
Mualliflik huquqi bo‘yicha qonuniy va amaliy nazorat bo‘yicha kamchiliklar YouTube’da kontent yaratish bozorining rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin.
Bu borada quyidagi muammolar kuzatiladi:
- o‘g‘irlangan kontentlarni tarqatish (ayrim kichik telekanal va blogerlar xorijiy film, musiqa, sport translyatsiyasini beruxsat yuklab oladi);
- kontent mualliflarining asarlarini ruxsatsiz nusxalash (ular boshqa kanallarda qayta yuklanishi orqali mualliflar o‘z kontentini himoya qila olmaydi va motivatsiyasiz qoladi);
- rasmiy litsenziyalangan kontent bozori rivojlanmagan (YouTube'dagi musiqalar, filmlar, seriallar uchun rasmiy distribyutorlar yo‘q).
Ochiq ma’lumotlar bazasi va statistika ko‘rsatkichlarida doim yangilanib boradigan reklama bozori ko‘rsatkichlari yetarli emasligi va xalqaro nashrlarda chop etilmasligi YouTube kabi xalqaro kompaniyalarga ma’lumot topish va qaror qabul qilishni sekinlashtiradi.
Reklama bozorida shaffoflikni ta’minlash uchun reklama faoliyatini kuzatish raqamli monitoring tizimini joriy etish, qonunchilikni xalqaro standartlarga mos ravishda yangilash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, reklama bozoridagi asosiy ko‘rsatkichlar va statistik ma’lumotlarni ochiq holda e’lon qilish talab etiladi.
YouTube’ning audio anglash algoritmi turli tillardagi so‘kinishlar va taqiqlangan so‘zlarni aniqlash uchun sun’iy intellekt va mashinaviy o‘rganishga (machine learning) asoslangan. O‘zbek tilining shevalari va lahjalari ko‘pligi esa algoritmga bu tilni to‘g‘ri anglash va modernizatsiya qilishda qiyinchilik tug‘diradi.
YouTube’ning audio tanish algoritmlari tilni to‘g‘ri anglashi uchun katta hajmdagi ovozli ma’lumotlarga muhtoj. Shundan kelib chiqib, markaz sifatli o‘zbek tilidagi kontent hajmini oshirish maqsadida quyidagi choralarni ko‘rish kerakligini qayd etdi:
- o‘zbek tilida sifatli subtitrlar va avtomatik transkripsiya xizmatlarini yaxshilash uchun ochiq ma’lumotlar bazalarini yaratish;
- davlat teleradiokanallari, ilmiy muassasalar va universitetlar tomonidan o‘zbek tilidagi ovozli ma’lumotlar yig‘ilib, ochiq manbalarga joylashtirish;
- Google va YouTube bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
- YouTube mutaxassislari bilan maxsus treninglar tashkil etish;
- sun’iy intellekt va tabiiy tilni qayta ishlash texnologiyalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish;
- davlat tilshunoslari o‘zbek tili va shevalarining standart talaffuz va lug‘aviy me’yorlarini yaratish;
- blogerlar, podkasterlar va kontent yaratuvchilar uchun grant va subsidiya ajratish.
Shuningdek, yana bir to‘siq sifatida xalqaro to‘lov tizimlari bo‘yicha cheklovlar qayd etildi. O‘zbekistonda Visa, Mastercard va UnionPay kabi xalqaro to‘lov tizimlari mavjud bo‘lsada, YouTube monetizatsiyasida keng qo‘llaniladigan PayPal va Stripe kabi xalqaro to‘lov tizimlari mamlakatda rasman ishlamaydi.
O‘zbekistonda PayPal faqat chiqim qilish (xarid) uchun ishlaydi, lekin mablag‘ qabul qilish funksiyasi yo‘q. Mahalliy banklar (valyuta hisob raqami) orqali xalqaro to‘lovlarni qabul qilish mumkin bo‘lishiga qaramay, ularning konversiya stavkalari va qo‘shimcha cheklovlari mavjud.