Germaniyada maktab o‘quvchilariga har oyda 10 yevro ajratish taklifi ilgari surildi. Bu haqda CNBC nashri xabar berdi.

Bunda olti yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarga maxsus hisob raqamiga “erta pensiya” tayinlash taklif qilinmoqda.

12 yillik pensiya huquqi davomida har bir bola uchun jami 1440 yevro atrofida mablag‘ to‘plashlari mumkin bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha ravishda, investitsiya qilingan mablag‘lardan olinishi mumkin bo‘lgan har qanday daromad ham kiritiladi.

Qayd etilishicha, dasturni davlat jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.

Hisoblarga kelib tushadigan pullarni kim investitsiya qilish bilan shug‘ullanishi, ularni qanday moliyaviy vositalarga sarflash rejalashtirilayotgani va pensiyaga chiqish paytiga kelib foizlarni hisobga olgan holda jamg‘armalar miqdori qancha bo‘lishi mumkinligi hozircha noma’lum.

Voyaga yetganidan so‘ng, nemis fuqarosi o‘z hisobiga yillik cheklovlar doirasida shaxsiy mablag‘larini ham o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Biroq, pulni faqat pensiya yoshiga yetgandagina olishga ruxsat etiladi. 2025-yil may oyiga ko‘ra, Germaniyada pensiya yoshi 67ni tashkil etadi.


Avvalroq Spot Xitoydagi maktablarda sun’iy intellekt bo‘yicha majburiy kurslar tashkil etilishi haqida yozgandi.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sun’iy intellektning ishlash tamoyillari tushuntiriladi, o‘rta va yuqori sinflarda esa ko‘proq amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.