Markaziy bank O‘zbekistonga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llash xavfi darajalarini qayta ko‘rib chiqdi. Bu haqda regulyatorning 2024-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy barqarorlikka bag‘ishlangan hisobotida aytiladi.

Regulyator qisqa muddatda O‘zbekiston kompaniyalariga nisbatan cheklovlar kiritish xavfi darajasini o‘zgartirmay, “o‘rtacha” deb baholashda davom etmoqda.

Biroq, o‘rta muddatli istiqbolda xavf darajasi bir pog‘onaga — “o‘rta"dan “past"ga tushirilgan.

Markaziy bankning qayd etishicha, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxonalar va banklarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalarni joriy etish xavfi respublikaning xalqaro moliya bozorlaridagi ishtirokini cheklashga va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni qiyinlashtirishga, shuningdek, tranzaksiya xarajatlarining oshishiga olib kelishi mumkin.

Xatarlarni kamaytirish choralari sifatida tashqi savdo va xalqaro moliyaviy munosabatlar bo‘yicha sanksiyalarga duchor bo‘lmagan hamkorlarning ko‘lami va diversifikatsiyasini kengaytirish taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, regulyator xalqaro sanksiyalarga rioya qilish choralarini takomillashtirish va sanksiyalar qo‘llanilishining oldini olishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani mustahkamlash zarur, deb hisoblaydi.

Yanvar oyi oxirida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekiston ikkilamchi sanksiyalar masalasiga jiddiy yondashayotganini aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday xavflar doimiy ravishda saqlanib qolmoqda. Shuningdek, yangi sanksiyalar joriy etilgan taqdirda banklarning harakatlari algoritmi ishlab chiqilgan.


Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondan Rossiyaga sanksiya ostidagi tovarlarni yetkazib berishni to‘xtatishga erishgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, hozirda sanksiya ostidagi tovarlarning eksport cheklovlarini chetlab o‘tish holatlarining qariyb 80%i Xitoy va Gonkongga to‘g‘ri keladi.