Toshkent viloyatida sintetik metan ishlab chiqaruvchi birinchi qurilma ishga tushirildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Angren shahrining Yangiobod mahallasida sinov tarzida yo‘lga qo‘yilgan loyiha Yaponiyaning ITO Corporation kompaniyasi tomonidan Hududgazta’minot bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Uning doirasida qurilmalar orqali propan va havo aralashmasidan sintetik metan gazi olinib, pilot hududdagi bir nechta ko‘p qavatli uylarga yetkazib beriladi.
Tomonlar loyihani kengaytirish, yangi uskunalarni mamlakat bo‘ylab joriy qilishni rejalashtirgan.
Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi ko‘magida amalga oshirilgan loyiha O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan strategik yo‘nalishlarning bir qismi bo‘lishi ta’kidlandi.
Avvalroq O‘zbekiston birinchi chorakda Xitoyga gaz eksportini 2,5 barobardan ko‘proqqa oshirgani haqida xabar berilgandi. Turkmaniston va Rossiyadan ko‘k yoqilg‘i importi mart oyida deyarli to‘xtab, 8,5 baravargacha kamaydi.