Yaponiya kompaniyasi bilan o‘zbekistonliklarni mamlakatga ishga jalb qilish bo‘yicha loyiha boshlandi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik hamda Japan-China-Asia Medical Educational Cultural Exchange General Incorporated Association (JCAEMCE) tashkiloti o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Hujjat 10 ming nafar o‘zbek mutaxassislarini Yaponiyaga jalb qilishni nazarda tutadi.
Unga ko‘ra, loyiha doirasida Toshkent shahri, Samarqand va Namangan viloyatlarida Yapon Mahorat Nuri kurslari tashkil etiladi. Unda nomzodlar yapon tiliga o‘qitilib, malaka imtihonlariga tayyorgarlanadi va ishga joylashish bo‘yicha kerakli ko‘nikmalar o‘rgatiladi.
Shuningdek, WiseBridge maxsus onlayn platformasi orqali Yaponiyadagi bo‘sh ish o‘rinlarini tanlash va ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish imkoniyati yaratilmoqda. Platforma joriy yilning iyun oyida o‘z faoliyatini boshlaydi.
Migratsiya agentligi delegatsiyasining 30 ming ishchi kuchiga ega Onodera User Run kompaniyasi bilan kechgan uchrashuvida O‘zbekistonda kompaniya faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Uning doirasida mamlakatda beshta kasbiy yo‘nalish — tibbiyot, ovqatlanish, qishloq xo‘jaligi, qurilish va ijtimoiy himoya sohalariga yapon tili hamda kasbni to‘liq bepul o‘rgatuvchi markaz ochiladi.
Olti oylik kurslardan keyin fuqarolar Yaponiyadagi ish haqi $1500 atrofidagi ishlarga joylashtiriladi. Iyun oyida kompaniya Migratsiya agentligi bilan hamkorlik bitimini imzolaydi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi rahbariyati (JICA) bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Japan Career portalida yapon tilini o‘rganish va imtihon topshirish sahifalari ochilishi, masofadan turib ko‘nikma oshirish mumkinligi ma’lum qilindi.
Migratsiya agentligi va TIV vakillaridan iborat delegatsiya Yaponiya Adliya vaziri Keysuke Sudzuki bilan uchrashdi. Tomonlar migratsiya munosabatlarini rivojlantirish, viza rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirish va raqamlashtirish, Yaponiyaga kirish ruxsatini olish muddatini qisqartirish masalalarini muhokama qildi.
“Yaponiyada amalga oshirilayotgan texnik stajorlik dasturi va maxsus malakaga ega mutaxassislar uchun yengillashtirilgan viza tizimi — o‘zbekistonliklarning mamlakatimizda qonuniy va xavfsiz mehnat faoliyatini yuritish, yuqori madaniyatli ish muhitida tajriba orttirish, salohiyatini namoyon etishlari uchun yangi imkoniyat yaratadi”, — dedi Yaponiya Adliya vaziri Keysuke Sudzuki.
Mamlakatda ishlayotgan fuqarolarning noqonuniy maqomda bo‘lmasliklari, talab darajasida til ko‘nikmalari bo‘lishi hamda qonunchilikka rioya qilishlari lozimligi qayd etildi. O‘zbekistonliklarning huquqiy himoyasi hamda noqonuniy migratsiyasining oldini olishda birga ishlashga kelishildi.
Shuningdek, Yaponiyaning Kanagava prefekturasidagi 80 nafar kompaniya vakillari ishtirokidagi ish beruvchilar forumida ishlab chiqarish, transport va logistika, xizmat ko‘rsatish hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash hamda Yaponiyada ishga joylashtirish yuzasidan shartnomalar imzolandi.
Avvalroq Rossiya mehnat patentlarini rasmiylashtirishni qisman O‘zbekistonga ko‘chirish muhokama qilingani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva va Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin migratsiya tartib-taomillarini tezlashtirish choralarini ham ko‘rib chiqdi.