Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ijtimoiy norma doirasida joriy etilgan yangi tariflar uy xo‘jaliklarining energiya iste’moliga qanday ta’sir qilgani bo‘yicha tahlil o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Markaz ekspertlari xonadonlarda maishiy darajada energiya tejash choralarining keng joriy etilishini ijobiy o‘zgarishlardan biri sifatida qayd etdi. So‘rovnomada ishtirok etganlarning 90% dan ortig‘i energiya xarajatlarini kamaytirish maqsadida kamida bittadan chora-tadbir amalga oshirgan.
Bundan eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘lib, uy xo‘jaliklarining 87%i o‘z uylariga svetodiodli chiroqlar o‘rnatgan. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiy va Toshkentda bunday oilalar soni 90% dan oshdi.
Yana 44% aholi issiqlik saqlovchi plastik deraza va eshiklarni o‘rnatish orqali energiya samaradorligini yaxshilagan. Bu ayniqsa, Qashqadaryo (84%), Buxoro (69%) va Xorazmda (54%) ko‘p kuzatilgan.
31% uy xo‘jaliklari esa energiya tejamkor maishiy texnika sotib olishganini ma’lum qildi, bunday qarorlarning eng katta ulushi Jizzax (60%), Navoiy (59%) va Qoraqalpog‘istonga (54%) to‘g‘ri keladi.
Respondentlarning 55%i kelgusida energiya samaradorligini oshirish uchun xonadonlariga LED chiroqlarini o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Yana 48%i energiya tejamkor maishiy texnika, 39%i — plastik eshik va deraza romlari, 16% — energiya tejovchi materiallar hamda 15%i ikki konturli kotyollarni tanlagan.
Bundan tashqari, ekspertlar aholi orasida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib borayotganini ta’kidladilar. Mamlakatdagi 64 mingta uy xo‘jaliklarida umumiy quvvati 223,4 MVt/soat bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan.
Ularda yiliga qariyb 313 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, bu orqali 104 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi. Shuningdek, quyosh panellarining 21%i sotish maqsadida umumiy tarmoqqa ulangan. Uy xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pi uning natijalaridan mamnun ekanliklarini, kelgusida qurilmalar sonini ko‘paytirishga qiziqish bildirdilar.
1,9 mln uy xo‘jaliklarida quyosh panellarini o‘rnatishga talab mavjud, bu esa umumiy qiymati $2,3 mlrddan ortiq qurilmalar bo‘yicha ichki bozorni shakllantirish istiqbollarini ko‘rsatadi, deyiladi tahlilda.
Shu bilan birga, xonadonlarda samaradorligi past bo‘lgan gaz kotyollari va qo‘lbola pechka orqali yuqori energiya iste’moli saqlanib qolmoqda. Uni kamaytirish uchun esa uy-joy infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish zarur.
Avvalroq uch oyda fuqarolar quyosh panellari orqali 8 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi sotgani haqida xabar berilgandi. Subsidiyaning eng katta qismi — 2,67 mlrd so‘mi Xorazm viloyatiga ajratilgan. Undan keyingi o‘rinlarda Qoraqalpog‘iston va Buxoro turibdi.