Prezident O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risidagi tegishli farmonni imzoladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjat bilan joriy yilning 1-iyulidan boshlab pensiyalar, nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari 10% ga oshiriladi.

Yoshga doir eng kam pensiya 918 ming so‘m, nogironlik pensiyasi 1 mln 12 ming so‘mni tashkil etadi. 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 471 ming so‘m etib belgilanadi.

Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori quyidagicha etib belgilandi:

  • 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun — 360 ming so‘m;
  • 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun — 275 ming so‘m;
  • oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha — 165 ming so‘m;
  • oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha — 110 ming so‘m;
  • kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori 420 ming so‘m.

2025-yilning 1-avgustidan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori ham 10% ga oshiriladi.

1-avgustdan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori amaldagi 1 mln 155 ming so‘mdan 1 mln 271 ming so‘mga oshirildi. Bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so‘mni tashkil etadi.

Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘lar budjet hamda Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari, xususiy sektorda ishlovchi fuqarolarning ham to‘lov qobiliyatlarini rag‘batlantirish uchun ish beruvchilarga ish haqi miqdorini MHTEK miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorlarda to‘lash tavsiya etilmoqda.

O‘zbekistonda oxirgi marta o‘tgan yil 1-sentabrdan pensiya va nafaqalar miqdori 15% ga oshirilgandi. 1-oktabrdan budjet tashkilotlari xodimlari, xususan, pedagoglar va tibbiyot xodimlarining ish haqi 15%, boshqa budjet tashkilotlari xodimlarining oyligi esa 10% ga ko‘tarilgan.