Avvalroq Gazeta Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegarasida yuzlab avtomobillar to‘planib qolgani haqida xabar bergandi. Haydovchilar O‘zbekistonga kelish uchun bir sutkadan ortiq navbatda turib qolishganlarini, hukumatdan chora ko‘rishni so‘ragan. Shu bilan birga, Qozog‘iston tomonidagi noma’lum shaxslar haydovchilardan pul talab qilayotgani ham aytilgan.
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati Gazeta’ga bergan izohida Navoiy (Qozog‘iston tomonidan Kaplanbek) va Yallama (Qonisbayev) postlarida avtomobillarni o‘tkazish uchun hech qanday sun’iy to‘siqlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Qozog‘iston tomonidan kelayotgan barcha avtomobillar o‘tkazib yuborilmoqda.
Undan keyin qo‘mita Navoiy bojxona posti orqali rasmiy munosabat bildirib, mazkur post orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslar va yengil avtomobillar oqimining oshishi yaqinlashayotgan Qurbon hayiti munosabati bilan kuzatilayotganini qayd etdi.
Oxirgi sutkada post orqali 40 mingga yaqin fuqaro hamda 2 mingga yaqin avtomobil harakatlangan. “Bugun-erta bu raqamlarning yanada ortishi kutilmoqda”, — deya tushuntirdi Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev.
Qo‘mita rahbariyati bayram kunlarida chegara bojxona punklarida fuqarolar va transport vositalarini “tezkorlik bilan o‘tkazish” masalasini o‘rganmoqda. 4-iyun kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston chegara bojxona postlari rahbarlari o‘rtasida neytral hududda tezkor ishchi uchrashuvi o‘tkaziladi.
Tomonlar harakatlarni o‘zaro muvofiqlashtirish, ishni birgalikda tashkil etish bo‘yicha kelishuv amalga oshirishi kutilmoqda. Navoiy chegara postida qo‘shimcha ravishda chegara va bojxona xodimlari biriktirilib, hozirda ularning soni 150 nafarga yetkazilgan.
“Fuqarolar va avtomobillarni tezkorlik bilan bojxona nazoratidan o‘tkazish muhim masala, lekin davlatning osoyishtaligi va iqtisodiy xavfsizligi birinchi o‘rinda turishini unutmasligimiz kerak. Hozirgi katta oqimdan foydalanib, giyovandlik vositalari, taqiqlangan tovarlarni olib o‘tishga urinishlar bo‘lmaydi, deb hech kim kafolat bermaydi”, — deya qayd etdi Tangriyev.
Shuningdek, u yengil avtomobillar nazoratiga 5−10 daqiqa sarflanishini qayd etdi.
Bojxona qo‘mitasi fuqarolardan O‘zbekistonga kirishda sutkaning kunduzgi vaqtlari — 8:00 dan 18:00 gacha Sirdaryodagi Oq oltin (Selinniy) hamda Malik (Sirdaryo) bojxona postlari orqali o‘tishlarini so‘ramoqda. Bu postlarda kuniga 1,5 mingga yaqin aholi hamda 250 dan ortiq avtomobil harakatlanadi. Yuk avtomobillari harakatlanadigan Yallama chegara posti orqali ham piyoda va avtomobilda kirib kelish mumkin.
Tangriyev G‘ishtko‘prik-Jibek Joli hamda Dovut ota-Tajen chegara bojxona postlarida qurilish ishlari olib borilayotgani sababli, ular orqali harakat to‘xtatilgani boshqa postlardagi yuklamalarni oshirayotganini qayd etdi. “Ishlar yakunlangach, bu kabi holatlar butunlay barham topadi”, — dedi u.
O‘zbekiston va Qozog‘iston postlar o‘tkazuvchanligini oshirish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida Oq oltin-Selinniy hamda Malik-Sirdaryo postlari orqali bo‘sh yuk avtomobillari va yirik gabaritli bo‘lmagan yuklar harakatini yo‘lga qo‘yishga kelishib olgandi.
Avvalroq Qozog‘iston bilan chegaradagi Sirdaryo bojxona posti fuqarolar va avtomobillar uchun ochilishi haqida xabar berilgandi.