AirPods yangi imo-ishoralar bilan jihozlanadi va iPhone kamerasini boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda 9to5Mac portali muxbiri Markus Mendes xabar berdi.

To‘rtinchi avlod AirPods va AirPods Pro 2 egalari bosh harakati orqali ovoz balandligini sozlash va shovqinni yo‘qotish funksiyasini yoqish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Yangi xususiyatlar kuzda iOS 26 versiyasi bilan birga taqdim etiladi.

Quloqchinlar, shuningdek, foydalanuvchining teginishi bilan kamera tugmasini faollashtirishi mumkin bo‘ladi.

Video yozib olish paytida esa eng so‘nggi iPhone’lardagi kabi “Audiomiks” sozlamalarini o‘zgartirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bunda “Kadrda”, “Studiya” va “Kinoeffekt” rejimlaridan birini tanlash mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, Mark Gurman bahorda quloqchinlarning jonli nutqni darhol tarjima qilish qobiliyatiga ega bo‘lishini ma’lum qilgan edi.

Mazkur funksiya quyidagicha ishlaydi: foydalanuvchi chet tilida nutqni eshitganda, iPhone uni tarjima qiladi va natijani foydalanuvchining ona tilida AirPods’ga uzatadi. Foydalanuvchi javob berganda, uning nutqi suhbatdoshining tiliga tarjima qilinadi va iPhone karnayi orqali ijro etiladi.

Sinxron tarjima va Apple’ning boshqa yangiliklari 9-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan WWDC25 anjumanida namoyish etiladi.


Avvalroq Spot Apple har yili yangi mahsulotlarni chiqarishdan voz kechishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kompaniya bir vaqtning o‘zida ko‘plab yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish texnik muammolarga olib kelishini tushunmoqda.