AQSh apellyatsiya sudi Apple kompaniyasining may oyida sud tomonidan App Store siyosatiga kiritilgan o‘zgartirishlarni vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosini rad etdi.
Bu shuni anglatadiki, Epic Games, Spotify va Patreon kabi kompaniyalar Apple komissiya tizimini chetlab o‘tib, foydalanuvchilarni xaridlarni rasmiylashtirish uchun tashqi saytlarga yo‘naltirishlari mumkin bo‘ladi.
Apple ilovalarda uchinchi tomon xizmatlariga havolalarni joylashtirishga ruxsat berishga majbur bo‘lganidan so‘ng, kompaniya yangi qoidalarni joriy etishni kechiktirishga harakat qildi.
Kompaniya o‘zgarishlar unga katta zarar yetkazishi va intellektual mulk huquqlarini buzishini aytib, shoshilinch ariza topshirdi. Biroq sud ishni vaqtincha to‘xtatish uchun yetarli asos topmadi.
Kechiktirishga erishish uchun Apple uning shikoyati yuqori ehtimol bilan qondirilishini isbotlashi, shuningdek, ehtimoliy zarar ko‘lamini ko‘rsatishi kerak edi. Sudya materiallarni tahlil qilib, Apple’ning dalillari ijroni kechiktirish uchun yetarli emasligini ta’kidladi.
Kompaniya App Store qoidalarini majburiy yangilashni “favqulodda chora” deb ta’kidlab, bu o‘zgarish ularga havolalarning ko‘rinishi va xatti-harakatlarini nazorat qilish, shuningdek, platformadan tashqaridagi tranzaksiyalar uchun komissiya undirish imkoniyatini amalda yo‘qqa chiqarishini bildirdi.
Apple’ning baholashicha, yangi talablar kompaniyaga har yili yuz millionlab, hatto milliardlab dollarga tushishi mumkin.
Avvalroq Spot Apple Epic Games kompaniyasi bilan sud jarayonida yutqazgani haqida yozgandi.
Sud Apple’ga kompaniyaning Fortnite o‘yinini App Store do‘koniga qaytarishni buyurdi. Shuningdek, o‘yinlar va ilovalardagi tashqi xaridlar uchun 27% komissiya olishni taqiqladi.