Dubayda Markaziy Osiyo mamlakatlari startap loyihalari uchun birinchi xalqaro akselerator ishga tushirilishga tayyorlanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston raqamli rivojlanish vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.
Tashabbus BAAning DIFC va Tumar innovatsion xablari ko‘magida Central Asian Innovation Hubs loyihasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Tashkilotchilar O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplariga Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bozorlariga chiqishda yordam berishni maqsad qilgan.
Dastur bir necha bosqichda amalga oshiriladi. 24 iyunga qadar Samarqand va Ostonada da’vogarlar uchun pitchinglar o‘tkaziladi, shundan so‘ng ikki oy ichida saralab olingan 10 nafar ishtirokchi ro‘yxati e’lon qilinadi. Shundan so‘ng ular BAAga safarga tayyorgarlik ko‘rishadi.
Akselerator sentabr, oktabr va noyabr oylarida sakkiz hafta davom etadi. Ishtirokchilar quyidagilarni qo‘lga kiritadilar:
- xalqaro darajadagi murabbiylar va mutaxassislardan ko‘mak;
- mahalliylashtirish va yangi bozorlarda faoliyat boshlashda amaliy yordam;
- venchur fondlari, potensial hamkorlar va mijozlar bilan aloqalar o‘rnatish imkoniyati;
- BAAdagi yirik IT-markazlariga tashrif buyurish imkoniyati;
- DIFC kovorking maydonlaridan foydalanish, shuningdek, Tumar Innovation Hub hududida bepul yashash imkoniyati.
Intensiv dastur 25-noyabr kuni yakunlanadi. Ishtirokchilar investorlar va hamkorlarni jalb qilish uchun o‘z ishlari natijalarini hakamlar oldida taqdim etadilar.
Dasturda ishtirok etish uchun arizalarni Tumar Innovation Hub veb-saytida 20-iyungacha topshirish mumkin.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda birinchi Imkon Ventures xususiy venchur fondi tashkil etilgani haqida yozgandi.