Rossiya Raqamli texnologiyalar vazirligi telefon firibgarligiga qarshi jiddiy choralar ko‘rishga tayyorlanmoqda. Bu haqda hi-tech.mail nashri xabar berdi.
Vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan “Aloqa to‘g‘risida"gi qonunga tuzatishlarning yangi paketi rus abonentlari uchun chet el SIM-kartalaridan kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni sukut bo‘yicha to‘liq taqiqlashni nazarda tutadi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, xorijiy raqamlardan qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun abonent bu haqda o‘z aloqa operatorini maxsus xabardor qilishi kerak bo‘ladi. Bu foydalanuvchidan faol harakatni talab qiladi.
Bu qanday ishlaydi:
- Agar abonent operatorga ariza bermagan bo‘lsa, xorijiy raqamlardan barcha kiruvchi qo‘ng‘iroqlar bloklanadi;
- Bunday qo‘ng‘iroqlarga ruxsat olish uchun operatorga tegishli bildirishnoma yuborish lozim;
- Operatorlar barcha kiruvchi xalqaro qo‘ng‘iroqlarni maxsus markirovka (masalan, telefon ekranida “Xorijiy raqam” yozuvi) bilan belgilab, abonentni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf haqida ogohlantirishi shart;
- Telekompaniyalar firibgarlikda gumon qilingan raqamlarni zudlik bilan o‘chirib qo‘yishi kerak bo‘ladi;
- Agar operator abonentga zarar yetkazilgan firibgarlik raqamini bloklamasa, kompaniyaga jabrlanuvchiga ushbu zararni qoplash majburiyatini yuklashi mumkin;
Bunday raqamlarni identifikatsiya qilish uchun maxsus reyestr tuzish rejalashtirilmoqda. Raqamli texnologiyalar vazirligi, shuningdek, so‘rov bo‘yicha ushbu reyestrga kiritilgan raqamlar bilan suhbatlar yozuvlarini tekshirish uchun olish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.
“Hozir soha va manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikkinchi paketni muhokama qilmoqdamiz. Hujjat idoralararo kelishuvda bo‘lib, idoralar takliflarini hisobga olgan holda o‘zgartirilishi mumkin”, — deyiladi Raqamli texnologiyalar vazirligi xabarida.
Ta’kidlanishicha, yakuniy versiya tasdiqlanmaguncha “aniq tafsilotlar haqida gapirish” erta. Qonun loyihasi hozircha hukumat apparatiga yuborilmagan bo‘lib, uni Davlat Dumasiga kiritish muddati ham hali belgilanmagan.
Avvalroq Spot Qozog‘istonda mobil raqamlarni faqat davlat portali orqali berish taklif etilgani haqida yozgandi.
Shuningdek, bir kishiga beriladigan SIM-kartalar sonini cheklashni taklif qilinmoqda. Mazkur cheklovlar firibgarlikka qarshi kurash bilan izohlandi.