Donald Tramp 12 mamlakat fuqarolariga AQShga kirishni butunlay taqiqlovchi farmonni imzoladi. Bu haqda u o‘zining TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. Batafsil press-reliz Oq uy saytida e’lon qilindi.
12 ta davlat fuqarolariga nisbatan to‘liq taqiq joriy etildi: Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman. AQShning qonuniy doimiy rezidentlari va amaldagi viza egalari uchun istisnolar nazarda tutilgan.
Qayd etilishicha, mamlakatlar ro‘yxati AQSh Davlat departamenti yanvar oyidan beri o‘tkazib kelgan tahlil asosida tuzilgan.
Turkmaniston, Burundi, Kuba, Laos, Syerra-Leone, Togo va Venesuela fuqarolariga qisman taqiq joriy etildi. Ularga mehmon va talaba vizalari berilmaydi.
Biroq, masalan, ish faoliyati uchun yoki amerikalik qarindoshlar bilan qayta birlashish maqsadidagi vizalar saqlanib qoladi.
Donald Trampning aytishicha, Kolorado shtatining Boulder shahrida yahudiy faollariga qarshi antisemitik hujum bunday choralarni joriy etishga sabab bo‘lgan.
“XXI asrda biz butun dunyodan xavfli joylardan kelgan, vizasi muddati tugagan xorijliklar tomonidan amalga oshirilayotgan teraktlarni ko‘rdik va ko‘ryapmiz, , — dedi AQSh prezidenti.
Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida Kuba, Chad, Eron, Liviya, KXDR, Somali, Sudan, Suriya, Venesuela va Yaman fuqarolariga nisbatan ham shunga o‘xshash taqiqni joriy etgan edi. Bu chora Jo Bayden tomonidan bekor qilindi. Bu safar Shimoliy Koreya va Suriya to‘liq yoki qisman taqiq ostida qolmadi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu chora uning birinchi muddatida “favqulodda muvaffaqiyatli” bo‘lgan va AQShda teraktlarning oldini olgan.
Avvalroq Spot AQSh Federal sudi Trampning boj tariflarini noqonuniy deb topgani haqida yozgandi.
Sud ularning amal qilishini blokladi va prezident o‘z vakolatlari doirasidan chetga chiqqanini hamda tashqi savdoni tartibga solish huquqi Kongressga tegishli ekanligini ma’lum qildi.
Biroq 30-may kuni AQSh Apellyatsiya sudi Trampning boj tariflarini vaqtincha tikladi. Qayd etilishicha, xorijiy import mahsulotlarga nisbatan tariflar yangi qaror chiqarilgunga qadar amal qilishda davom etadi.