May oyida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekistonda onlayn platforma va saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Hujjat bloger va inflyuyenserlar hamda internet-resurslarni moderatsiya qilish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni tartibga soladi.
AOKA onlayn-resurslardan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanmoqda. U saytlar va platformalar faoliyatining shaffofligini kuzatib boradi, ularda noqonuniy kontent bor-yo‘qligini monitoring qiladi va aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor qiladi.
Inflyuyenserlarning reklamadan olgan daromadlari uchun soliq to‘lovlari bo‘yicha nazorat kuchaytiriladi. Murojaat qilish va qayta aloqa o‘rnatish ma’lumotlarini e’lon qilmagan inflyuyenser va veb-sayt egasiga reklama qabul qilish taqiqlanadi.
Shuningdek, loyiha bilan O‘zbekistonda noqonuniy kontentlarni o‘chirmagan saytlarga kirish tezligi pasaytirilishi mumkin. Bir yilda uch martadan ortiq noqonuniy kontentni o‘chirish talabini bajarmagan platforma foydalanuvchisi yoki hamjamiyat moderatori faoliyatini yarim yilgacha cheklash rejalashtirilmoqda.
AOKA qonun loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lganini “ijobiy holat”, deya baholab, keltirilgan fikr-mulohazalar yuzasidan munosabat bildirdi. Agentlikka ko‘ra, hozirgacha loyiha idoralararo kelishishning zarur tartib-taomillaridan o‘tmoqda.
Hamma blogermi?
“Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonun bilan o‘z saytida yoki Internet sahifasida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va boshqa axborotlarni joylashtiruvchilar bloger hisoblanadi.
AOKAga ko‘ra, bu konsepsiya qonun loyihasida o‘z aksini topgan va qo‘rqish kerak emas, chunki loyihada blogerlar uchun hech qanday og‘ir majburiyatlar ko‘rsatilmagan. Blogerlar ham oddiy onlayn platforma foydalanuvchilari kabi bir xil huquq va majburiyatlarga ega.
Ta’riflar yordamida oddiy matnli, grafik yoki boshqa xabarni ma’lum bir ma’no yukini (kontentni) o‘z ichiga olgan ma’lumotdan qandaydir tarzda farqlash imkoniyati mavjud emas. Shu sababli, loyiha ishlab chiquvchilari joylashtirilgan har qanday ma’lumotni kontent deb hisoblovchi ifodani tanlagan.
Kontentni tarqatishga nimalar kiradi?
“Kontentni tarqatish” deganda faqat nomuayyan shaxslar doirasi nazarda tutiladi, degan fikrdan kelib chiqib, davlat tarqatish holatlariga, ya’ni ma’lum bir shaxsga yoki ma’lum miqdordagi ishtirokchilar belgilangan yopiq guruhga noqonuniy kontent yuborish holatlariga e’tibor qaratadi.
Buni agentlik muayyan shaxs shaxsiy yozishmalar orqali shaxsga pornografik yoki giyohvandlikni targ‘ib qiluvchi ma’lumotlarni yuborsa, “bu noqonuniy kontentni tarqatish hisoblanmaydimi?” deya izohladi.
Yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish maqsadida “kontentni tarqatish” tushunchasiga ta’rif berish taklif qilingan. Masalan, ekstremistik materiallarga bosilgan “layk"lar tarqatish sifatida baholangan sud holatlari mavjud. Qonun bilan kontentni tarqatish deganda faqat kontentni joylashtirish, jo‘natish va namoyish etish tushuniladi.
Fuqarolarning shaxsiy yozishmalari nazoratga olinadimi?
AOKAning onlayn platformalar va saytlarni monitoring qilish vakolati fuqarolarning shaxsiy yozishmalarini sir saqlash bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlariga ta’sir qilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar mutlaqo asossizdir. Foydalanuvchilarning yozishma, so‘zlashuv, pochta, elektron va boshqa xabarlar sir saqlanishi huquqini ta’minlash platformalarning majburiyatlari sifatida belgilanmoqda.
Shu bilan birga, nafaqat agentlik, balki dunyoning boshqa biror organi shaxsiy yozishmalarni monitoring qilish uchun texnik imkoniyatlarga ega emas. AOKA onlayn platformalarning o‘z majburiyatlariga rioya etishi va umumiy foydalanishdagi resurslarda noqonuniy kontentni aniqlash bo‘yicha monitoring olib boradi.
Agentlik qonun loyihasi bilan amaldagi qonunchilikni yumshatish, noaniq formulirovkalarni chiqarib tashlash taklif etilayotganiga e’tibor qaratdi. Bunga misol sifatida “Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonun keltirildi.
Noqonuniy kontent sifatida ko‘rsatilgan “fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborot” yoki “boshqa shaxslarga tegishli intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish” loyihada nazarda tutilmagan.
Bu masalalar fuqarolik qonunchiligi predmeti bo‘lib, sud muhokamasini talab qilganligi sababli, AOKA bunday kontentga munosabat bildirmaydi.
Feyklarga qarshi kurash
Loyihada noqonuniy kontentga qarshi kurashish choralaridan tashqari, fuqarolarni yolg‘on axborotdan (feyk) “o‘zini o‘zi himoya qilish"ning huquqiy mexanizmlari ham nazarda tutilgan.
20-moddaga ko‘ra, o‘ziga nisbatan onlayn-platforma yoki saytda yolg‘on axborot tarqatilgan jismoniy yoki yuridik shaxs (ularning vakillari) uni o‘chirishni talab qilib, sayt egasi yoki hamjamiyat moderatori, platforma mulkdoriga murojaat qilishga haqli.
Murojaatlar asoslantirilgan ma’lumotlar yoki sud qarori bilan mustaqil yoki vakolatli organ orqali yetkaziladi. Agar yolg‘on axborotni o‘chirish rad etilsa, sudga murojaat qilish mumkin.
Bu holatda yolg‘on ma’lumotlarni o‘chirish AOKA tomonidan emas, balki asoslovchi faktlar yoki ma’lumotlarning noto‘g‘riligini isbotlagan sud qarori taqdim etilgan holda alohida shaxslar tomonidan so‘raladi.
Agentlik “yolg‘on axborot” tushunchasiga to‘xtaldi: ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi yoki faktlarni buzib ko‘rsatishi mumkin, ammo oddiy hazil yoki kinoya va hokazo bo‘lgani uchun shaxs, narsa, voqea, hodisa va jarayon haqida noto‘g‘ri taassurot qoldirmaydi. Bu turdagi ma’lumotlar hech qanday huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.
Talablar — o‘rinli
AOKA onlayn platformaning faoliyat ko‘rsatayotgan mamlakat hududida noqonuniy kontent tarqalishiga qarshi kurashish choralarini ko‘rish, vakolatli organning kunlik foydalanuvchilar soni to‘g‘risidagi so‘rovlariga javob berishda tegishli qonunlarni qabul qilgan mamlakatlarni qayd etdi.
Shu bilan birga, ularda mamlakat hududidagi foydalanuvchilar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiq joylashtirish va vaqti-vaqti bilan yangilab turish, o‘z vakilini aniqlash bo‘yicha majburiyatlar belgilangan.
Agentlikning onlayn platformalar bilan joriy hamkorligi bunday talablarning bajarilishi foydali ekanligini ko‘rsatgan. Masalan, noqonuniy kontentni olib tashlash bo‘yicha so‘rovlarni qondirish darajasi jami 66% dan ortiqni tashkil etadi.
Bundan tashqari, yirik onlayn platformalar 5 yildan buyon O‘zbekiston hududida ko‘rsatilgan elektron xizmatlar uchun soliq to‘lab kelmoqda. Bu davrda soliq tushumlari 10 barobar oshdi. “Bu esa onlayn platformalarning mahalliy qonunchilikka konstruktiv yondashuvidan dalolat beradi”, — deya xulosa qilinadi agentlikda.
Spot PR-mutaxassislari, reklama agentliklari rahbarlarining ilgari surilayotgan qonun loyihasi haqidagi fikrlari, uni amalga oshirish qanchalik haqiqatga yaqinligi va bu nimalarga olib kelishi mumkinligi haqidagi fikrlarini o‘rgangandi.